Osiyo chempionatida zafarli odim
Namangan viloyatida sportning penchak silat turi rivojiga alohida e’tibor berilmoqda. Buxoro viloyatida sportning penchak silat turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro turnir hamda Osiyo chempionatida namanganlik sportchi yoshlar munosib ishtirok etib, salmoqli natijalarni qo‘lga kiritib kelishlari bu sport turiga qiziqish va e’tibordan darak beradi.
Yangi Namangan tumani 70-sonli umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Abdulbori Toshboyev boshchiligidagi Namangan viloyati terma jamoasi a’zolari ushbu nufuzli musobaqalarda qator medallar shodasiga ega bo‘ldi.

Jumladan, Yangi Namangan tumanidagi 70-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Yosinxon Husniddinov o‘z vaznida xalqaro turnirda oltin medal, qit’amiz miqyosidagi raqobatda esa kumush medali bilan taqdirlandi. Chempion sifatida e’tirof etilgan Yosinxon ustozi Abdubori Toshboyev bilan joriy yilning 16-23 dekabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahri mezbonlik qiladigan jahon chempionatida ishtirok etadi.
Namangan shahridagi 3-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Azizbek Muxtorov, 43-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Olim Mahmudov Osiyo chempionatining kumush medallariga munosib ko‘rildi.

38-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Umarxon Rahimov xalqaro turnirda g‘oliblikning eng yuqori shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, turnirda finalgacha yetib kelgan 21-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Muhammad Nishonboyev vitse-chempionlikka sazovor bo‘ldi.
Namangan viloyati jamoasining sportchi-yoshlari respublika Sport vazirligining diplom, qimmatbaho sovrinlariga ega bo‘lishdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA