Osiyo chempionati yakunlandi
Poytaxtimizda armrestling bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar, kattalar, xotin-qizlar, faxriylar va jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar o‘rtasida XV Osiyo chempionati yakunlandi.
Poytaxtimizda armrestling bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar, kattalar, xotin-qizlar, faxriylar va jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar o‘rtasida XV Osiyo chempionati yakunlandi.O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, mamlakatimiz armrestling federatsiyasi va Osiyo armrestling federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan chempionatda yurtimiz sportchilari bilan birga Yaponiya, Janubiy Koreya, Iroq, Indoneziya, Hindiston, Pokiston, Kuvayt, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondan kelgan to‘rt yuzdan ortiq sportchi g‘oliblik uchun bahslashdi.
Chempionatda sportchilarimizdan Sanjar Yo‘ldoshev, Sardor Xudoyberdiyev, Sultonbek Ne’matullaev, Feruzbek Boymurodov, Igor Shishkov, Otabek Qo‘chqorov, Alisher Turg‘unov, Nargiza Azimova, Gulnoza Mamatqulova, Aziza Saidova, Mehribon Abdurahmonova o‘z vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
– Osiyo chempionatida barcha terma jamoalar kuchli tarkib bilan ishtirok etdi, – deydi Sanjar Yo‘ldoshev. – Biz ham musobaqaga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan edik. Oltin medalni qo‘lga kiritib, murabbiylarim, xalqimizning ishonchini oqlaganimdan xursandman. Bu kelgusida yanada yuksak marralarni zabt etishga undaydi.
– Musobaqa keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi, – dedi turnir g‘oliblaridan biri hindistonlik Pratim Chalixa. – Chempionatni kuzatib borgan muxlislarning ko‘pligi meni hayajonga soldi. O‘zbekistonga yana kelish, qadim va zamonaviy shaharlaringizni ziyorat qilish, bag‘rikeng odamlaringiz bilan tanishish niyatidaman.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga medal va sovg‘alar topshirildi.