Osiyo chempionati o‘zbek og‘ir atletikasining yangi avlodi kamolga yetayotganini ko‘rsatdi
Hindistonning Gandhinagar shahrida 28 davlatning 172 nafar og‘ir atletikachisi ishtirokida o‘tkazilgan Osiyo chempionati yakunlandi.
Joriy yilning 9-sentabr-4-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida tashkil etiladigan XX yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi sanalgan qit’a chempionatining so‘nggi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Amir Abdullayev +110 kilogramm vazn toifasidagi bahslarda qatnashdi.
Shiddatli kechgan musobaqalar natijasida hamyurtimiz dast ko‘tarish bahsida 189 kg. toshni bo‘ysundirib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Aytish lozim, o‘tgan yili Xitoyning Jiangshan shahrida kattalar o‘rtasida kechgan Osiyo chempionati dast ko‘tarish bahsida 182 kg. natija qayd etib, bronza medaliga sazovor bo‘lgan Abdullayevning bu yil ko‘rsatkichini 7 kilogrammga yaxshilagani Osiyo o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rsatayotganidan dalolat, deyish mumkin.
Kutilganidek keskin raqobat va murosasiz bellashuvlarga boy tarzda poyoniga yetgan chempionat davomida bir qator Osiyo hamda jahon rekordlari o‘rnatildi.
Quvonarlisi, Jo‘rabek Zoirov va Abror Tojimirzayev murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi chempionatda 6 nafar sportchi bilan qatnashib, 1 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza, jami 6 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Sarvar Zafarjonov -88 kilogramm og‘irlikda oltin, Muhammadqodir Toshtemirov -94 kilogrammda 3 ta kumush, -79 kg. vazn toifasida Abdulaziz Alimjonovning bronza va Amir Abdullayevning +110 kilogrammda kumush medalga ega chiqqani o‘zbek og‘ir atletikasida Ruslan Nuriddinov va Akbar Jo‘rayevning munosib izdoshlari yetishib chiqayotganini yana bir karra namoyish etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA