O‘shda “44-kuz” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
O‘sh davlat universitetida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shuhrat Orifning “44-kuz” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda turkiyalik, o‘zbekistonlik mehmonlar, davlat va jamoat arboblari, adiblar, adabiyotshunoslar, professor-o‘qituvchilar, talabalar, she’riyat muxlislari qatnashdi.
Dastlab mehmonlar universitet binosi oldida tantanali kutib olindi va “Do‘stlik” ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Taqdimot marosimida O‘sh davlat universiteti rektori Kudayberdi Kojobekov, TURKSOY xalqaro tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev, Qirg‘iziston Milliy yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi Begijon Ahmedov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, O‘sh davlat universiteti Filologiya va madaniyatlararo muloqot instituti professori Gulina Jamg‘irchiyeva, kitob tarjimoni Gulumxan Isayeva so‘zga chiqib, Shuhrat Orif ijodining o‘ziga xos jihatlari haqida gapirdi.
Shuhrat Orif zamonaviy o‘zbek adabiyoti va jurnalistikasida o‘z ovoziga ega ijodkor hisoblanadi. Uning ijodidagi asosiy o‘ziga xosliklar shundan iboratki, shoirning she’rlari va lirik qatralarida hayotiy kuzatuvlar falsafiy mushohadalar bilan uyg‘unlashib ketadi. Uning she’riyatida dunyoni va insonni teran anglashga intilish kuchli.
Shuhrat Orif she’riyatida mumtoz adabiyot an’analari, xususan, Rumiy, Mashrab va Mansur Xalloj kabi siymolar timsollari orqali ifodalangan ilohiy ishq va nafs tarbiyasi mavzulari tez-tez uchraydi.

Uning lirikasi iztirobli, ammo samimiy iqrorlardan iborat. She’rlarida mungli ohanglar va inson ruhiyatining eng nozik qirralari aks etadi.
Shuhrat Orif nafaqat shoir, balki faol jurnalist va jamoat arbobi sifatida ham tanilgan. U hozirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi sifatida sohadagi islohotlar va ijodiy jarayonlarni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda.
“Men asli odammas, yor edim” kitobi uning ilk she’riy to‘plami sanaladi. “Shom tovushi” esa falsafiy-lirik qatralar va hayotiy kuzatuvlarni jamlagan kitob.

“44-kuz” kitobi Shuhrat Orifning eng sara she’rlari jamlangan to‘plam bo‘lib, u shoir ijodidagi muhim bosqichni ifodalaydi. Kitob nomidagi "44" raqami shoirning ma’lum bir yosh dovonidagi xulosalari, kuz fasli esa — hayotning pishiqchilik, mushohada va biroz mungli davri ramzidir. Bu yerda kuz shunchaki tabiat hodisasi emas, balki ruhiy poklanish fasli sifatida tasvirlanadi.
To‘plamdagi she’rlarda insonning o‘zligini anglashi, Tangriga bo‘lgan ishqi va dunyoning o‘tkinchiligi haqidagi teran fikrlar markaziy o‘rin tutadi.
Ushbu kitob nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni davlatlarda ham e’tibor topgan. Xususan, qirg‘iz tiliga tarjima qilinib, Bishkekda nashr etilgan. Bu Shuhrat Orif ijodining turkiy xalqlar uchun ham tushunarli va yaqin ekanidan dalolat beradi. Kitobda klassik she’riy an’analar bilan zamonaviy ruh uyg‘unlashgan. Muallif oddiy so‘zlar bilan inson qalbining eng murakkab iztiroblarini ifodalab beradi.

Muxtasar aytganda, “44-kuz” bu shoirning o‘z nafsi, dunyo va haqiqat bilan yuzma-yuz kelishi, qalb iztiroblarining badiiy ifodasidir.
Adabiy tadbirda Begijon Ahmedov Shuhrat Orifga Qirg‘iziston Milliy yozuvchilar uyushmasining a’zolik guvohnomasi va belgisini topshirdi.
Tadbir davomida universitet talabalarining she’riy chiqishlari namoyish etildi, san’atkorlarning qo‘shiqlari kechaga fayz bag‘ishladi.

N.Usmonova, O‘zA