O‘sh davlat universiteti professori talabalarga dars o‘tmoqda
Samarqand davlat universiteti bugungi kunda dunyoning 160 dan ortiq universitetlari bilan hamkorlik o‘rnatgan.
Ushbu oliy o‘quv yurtlari bilan turli qo‘shma dasturlar orqali professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Xuddi shunday almashinuv dasturi asosida O‘sh davlat universiteti professori, geografiya fanlari doktori Abdurashit Nizamiyev Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakulteti talabalariga onlayn ma’ruzalar o‘qib kelayotgan edi. U talabalar bilan yaqindan tanishish, an’anaviy darslarni tashkil etish maqsadida Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdi.
bugungi kunda Abdurashit Nizamiyev talabalarga geografiya fani bo‘yicha dars o‘tmoqda.
- Universitetimizda ko‘plab xorijlik o‘qituvchilarning darslari yo‘lga qo‘yilgan, - deydi geografiya va ekologiya fakulteti talabasi Zafar Sirojev. - Qirg‘izistonlik olim Orol muammosi, Issiqko‘l va Kaspiy dengizi hududida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida dars o‘tdi. Biz talabalar xorijlik har bir yangi o‘qituvchi kelishini intiqlik bilan kutamiz. Ularning yurtimizdagi o‘zgarishlar, ekologiya sohasidagi islohotlarga oid fikrlari biz uchun qiziq. Bu dars mashg‘ulotlari yanada qiziqarli o‘tishini ta’minlaydi.