Orzusi, ertasi, taqdiri bir Vatanmiz!
Yaqinda Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealarni namanganlik yoshlar ham iztirob bilan qabul qildi.
Kutilmaganda yuz bergan bu holat yoshu keksada tashvish uyg‘otdi. Azaldan qoraqalpoqlar bilan qondosh og‘a-ini bo‘lgan xalqimizni jiddiy o‘yga toldirdi. Chunki Vatanimiz, elimiz, dinimiz, tilimiz bir. Bir daryodan suv ichib, asrlar davomida quda-anda bo‘lib yashaymiz. Ularning xursandchiligi va xavotiri bizniki hamdir.
Namangan muhandislik-qurilish institutimizda 51 nafar qoraqalpoq do‘stlarimiz tahsil olmoqda. Ular bilan tug‘ishgan aka-ukadek bo‘lib ketganmiz. Institutimiz talabalar yotoqxonasidan barchasi uchun joy berganmiz. Ulardan rahbariyatimiz tomonidan hol-ahvol so‘rab, kamchiliklari bartaraf etib boriladi. Birga o‘qib, ko‘plab tadbirlarda ahil-inoq qatnashib kelamiz. Osuda va obod hayotni, do‘stlik va ahillikni ulug‘ ne’mat, deb bilamiz.
Tan olish kerak, saxovatli va betakror qoraqalpoq diyori mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojida alohida o‘rin tutadi. Aniqroq aytganda, qoraqalpoq xalqi doimo yurtimizning tayanch tog‘laridan hisoblangan. Shuning uchun ham keyingi yillarda boshqa mintaqalarimiz qatori Qoraqalpog‘istonning rivojlanishiga ham ulkan e’tibor berilmoqda. Aynan ana shunday e’tibor tufayli bugungi kunda respublika poytaxti Nukus shahridan boshlab, tumanlar markazlari, shahar va qishloqlar, hatto chekka ovullargacha har tomonlama o‘zgarib, rivojlanib bormoqda. Bunda ayniqsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Dasturlarning bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilishi natijasida qoraqalpoq zamini yildan-yilga chiroy ochib, rivojlanib borayotgan diyorga aylanyapti. Prezidentimiz g‘oyasi bilan Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishda biz, yoshlarning o‘rni beqiyosligini anglagan holda oyu-quyoshimiz, yeru-osmonimiz, paxtayu-bug‘doyimiz bir bo‘lgan zaminda yashar ekanmiz, hozirgi davrda dunyoning turli mintaqalarida o‘zaro shafqatsiz raqobat, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar, separatizm, millatchilik, radikalizm kabi tahdidlarga duchor bo‘lib, ularning to‘rlariga tushib qolmaslikka Namangan muhandislik-qurilish instituti yoshlar yetakchisi va barcha talabalar nomidan ogohlikka chorlayman.
Afsuski, qadrdon ikki millat orasiga sovuqlik urug‘ini sepmoqchi bo‘lgan g‘araz niyatli kimsalardan hushyor yurishimiz zarur. Biz O‘zbekistonni yagona Vatan sifatida qadrlashimizni, et bilan tirnoqni osonlikcha ajratib bo‘lmasligini, tinch, farovon turmushimizga hech kim rahna sololmasligini esdan chiqarmasligimiz lozim. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulug‘ bir maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir.
Diyorbek SOATALIEV,
Namangan muhandislik-qurilish instituti yoshlar yetakchisi
O‘zA