Yoshlik – hayotimizdagi eng go‘zal va unutilmas davri sanaladi. Bu vaqtda inson o‘z maqsadlari yo‘lida ilk qadamlarini qo‘yadi, orzularini ro‘yobga chiqarish uchun intiladi, izlanadi va harakat qiladi. Ana shu ezgu umid va intilishlar esa albatta o‘z samarasini bermay qolmaydi. Endigina 18 yoshga qadam qo‘yayotgan Alina Maksyutova ham orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida tinmay izlanayotgan yoshlardan biri.
U 2007 yil 9 avgust kuni Navoiy shahrida tug‘ilgan. Alina maktabga ilk qadam qo‘ygandayoq bilim olishga ishtiyoqi kuchli ekanligi, mehnatsevarligi va tirishqoqligi bilan ustozlari e’tiborini tortdi. U nafaqat darslarda yuqori natijalarga erishibgina qolmay, balki ko‘plab tadbirlarda faol ishtirok etib keladi.
Alina ta’kidlaganidek, har bir yangi imkoniyat – bu o‘zini sinash va rivojlantirish uchun yangi maydon. Uning yo‘lida to‘siqlar ko‘p bo‘lganiga qaramay, u har doim yuqori natijalar uchun intiladi. Uning bu shijoati va intilishi yoshlar orasida namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.

2023-2025 yillar davomida Alina turli sohalarda o‘z salohiyatini namoyon etdi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati Kengashi tomonidan tashkil etilgan “Sardorlar forumi – 2023”da faol ishtirok etgani uchun sertifikat bilan taqdirlandi. Shu yili u Navoiy viloyatida ta’lim yo‘nalishi sardori etib saylanib, yoshlarga bilim va ma’rifatni targ‘ib qilishdek ulkan mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.
U mahalliy va respublika miqyosida o‘tkazilgan intellektual tanlovlar, debatlar, olimpiadalarda ko‘p marta g‘olib va sovrindor bo‘ldi. “Munozara” intellektual turnirida “The best speaker I” nominatsiyasi bo‘yicha diplom sohibasiga aylanishi esa Alinaning ma’naviy va intellektual jihatdan qanchalik katta o‘sishga erishganligining yaqqol ifodasidir. Ushbu yutuqlar yoshlar orasida fikr almashish va bilimga intilish qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi.
Alina Maksyutova buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qariyb 100 dan ortiq g‘azalini yoddan biladi. “Ilk qaldirg‘och” she’riy kitobi muallifi.
2023 yilda u “Qizlar ovozi” klubining viloyat “Matbuot va media” yo‘nalishi koordinatori etib saylandi va bu faoliyat orqali yoshlar orasida axborotlarni tarqatish, ularning fikrlari va g‘oyalarini keng jamoatchilikka yetkazishga harakat qildi.
Navoiy viloyati teleradio kompaniyasida jurnalist sifatidagi faoliyati esa Alinaga yoshlar hayoti bilan bog‘liq muhim masalalarni hal qilishga, ularning xohish va istaklarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashgani ham rost.
Uning tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida “Har haftada bir kitob” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan. Bunda yoshlar hafta davomida bir kitobni mutolaa qilib, o‘zaro fikrlashadi, savol-javoblar ila o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi va bilimlarini yanada oshiradilar.
Alina o‘zining tashabbuskor va mas’uliyatni to‘laqonli his qilishi bilan jamiyatning faol a’zosi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda. U yoshlarning huquq-manfaatlarini himoya qilish, ularni ma’naviy va axloqiy jihatdan tarbiyalash yo‘lida faol ish olib bormoqda.
Albatta, yurtimizda faol yoshlar doimo rag‘batlantirilib kelingan. Ularning mehnati qadrlanib, ilgari surilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlangan va davlatimiz tomonidan alohida e’tirof etib kelinadi. Alina ham joriy yilda “Yoshlar kuni” oldidan Prezidentimiz farmoni bilan “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi. Darvoqe, u muddatidan oldin Navoiy davlat universiteti talabasi, degan nomga ham sazovor bo‘lgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri