Orttirmay va kamitmay yozilgan roman
Abdulla Qodiriy tavalludining 127 yilligiga
Abdulla Qodiriy deyilganda, ko‘z oldimizda “O‘tkan kunlar” romani, “O‘tkan kunlar” deyilganda Abdulla Qodiriy gavdalanadi. Chunki bu roman yozila boshlagan davrdan kitobxonlar tomonidan sevib o‘qildi, sevib o‘qilmoqda va bundan keyin ham sevib o‘qilaveradi. Ushbu roman kitobxonlar tomonidan sevib o‘qilayotgan vaqtda nafaqat o‘zbek adabiyotining, balki jahon adabiyotining durdona asarini yaratgan adib ikkinchi – “Mehrobdan chayon” romanini yozishga kirishdi.
Avvalo, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romaniga yozgan so‘zboshini esga olaylik: “Yozmoqg‘a niyatlanganim ushbu – “O‘tkan kunlar”, yangi zamon ro‘monchilig‘i bilan tanishish yo‘lida kichkina bir tajriba, yana to‘g‘risi bir havasdir”. Endi adibning “Mehrobdan chayon” romanini yozgan so‘zboshisiga e’tiboringizni qarating: “Men bu so‘ngg‘i marg‘ub qahramonlarni o‘zbek tarixining hazmi ko‘targan qadar o‘z holicha olishqa tirishdim. Ularning xon va ulamoga qarshi isyoni tabi’iy – shar’iydir. Chunki shundan ortig‘i soxta bo‘lishi ustiga kitobning qadrini ham tushurar edi. Shu ikki sinf kurashini tasvir qilish vositasida xon harami, xotinlari, qirq qizlar, tarixiy va etno‘g‘rafiy lavhalar, o‘zbek hayoti, qiziqchilig‘i, tanqidchilig‘i, o‘zbek xotin-qizlari orasidag‘i iste’dod, shoiralar, askiyachilik va boshqa yana ko‘b nuqtalarni qamrab olindi. Ro‘monda yana bundan boshqa bir ko‘b jihatlar bor. Ularni bu yerda sanab o‘lturish hojat emas, ular muhtaram o‘qug‘uchining nazaridan qochib qutilmas”.
Ha, adibning maqsadi ilgaridek roman yozishga havas emas, balki roman yozishga kirishish bo‘lgan. Yuqorida keltirilgan iqtiboslardan ko‘rinib turibdiki, Abdulla Qodiriy yangi romanini yozishga katta maqsadlarni qo‘ygan holda yondashgan. Albatta, birinchi navbatda yangi romani “O‘tkan kunlar” romanidan kam bo‘lmasligini istagan. Buning uchun adib o‘zining boy tajribasi va bilimini safarbar etgan. Muhimi, adib roman voqealarini bayon qilishda o‘z oldiga qat’iy mezon qo‘ygan: “Bizning mundagi vazifamiz orttirmay va kamitmay o‘qug‘uchiga butun taqdim eta bilishdir”. Oldindan e’tirof etishimiz lozim, Abdulla Qodiriy o‘ziga belgilagan vazifani sharaf bilan uddaladi va o‘zbek adabiyotiga, jahon adabiyotiga durdona roman – “Mehrobdan chayon”ni 1929 yilda kitob holida taqdim etdi.
“Mehrobdan chayon” romanida yurtimiz tarixining o‘n to‘qqizinchi asri o‘rtalaridagi davri yoritilgan. Romandagi har bir qahramon tasviri, voqealar rivoji, oqibatlari badiiy bo‘yoqlarda aniq-tiniq chizilgan. Romanning asosiy qahramonlaridan biri bo‘lgan Ra’no tasvirlangan so‘zlarga e’tibor bering: “Ra’noning ismi jismiga yoxud husniga juda muvofiq tushkan edi. Men rassom emasman. Agar menda shu san’at bo‘lg‘anda edi. So‘z bilan biljirab o‘lturmas, shu o‘runda sizga Ra’noning rasmini tortib ko‘rsatar, qo‘yar, faqat menga Ra’no gulining suvigina ko‘proq kerak bo‘lar edi...
Sochlari juda quyuq, sanoqsiz kokillar Ra’noning orqa, o‘ngini tutib yotar, qaddi uzunliq bilan qisqaliqning o‘rtasi, do‘nduq barmoqlarining jimjilog‘ida xina gullari, har holda bu qiz yolg‘iz Qo‘qonningg‘ina emas, umuman Farg‘onaning kuylariga qo‘shulib maxtaladirg‘an go‘zallaridan edi”.
Roman davomida Ra’no katta jasoratga jazm etadi: “Xotin-qizlar jinsidan irodasi kuchlik, hatto erlardan ham jasurroq shaxslarni ko‘b uchratamiz. Shuning bilan birga, ularni naqadar kuchlik irodaga molik bo‘lmasinlar, yana hissiyotlariga mag‘lub ko‘ramiz. Masalan: hikoyamiz qahramoni Ra’noning jasorati, xong‘a qarshi isyoni, hatto ma’yus qolg‘an Anvarni yo‘lg‘a solishi – o‘z zamonasi uchungina emas, bizning hozirgi asrimiz uchun ham loyiqi tahsin va Ra’no yoshliq qizlarimizg‘a ibratdir”.
Asosiy qahramonlardan yana biri Anvar surati va siyrati bolalik davridan boshlab muallif hamda boshqa timsollar tilidan bayon etiladi. Biz ulardan biri bilan cheklanamiz: “Surma qo‘yg‘andek ohu ko‘zi bor, qizil olmadek tarang yuzi bor, endi chiqib kelgan ko‘k maysa mo‘ylobi, Roziya xonimnikidan ham nafisroq qalam qoshi... Ustiga kiygan beqasam to‘ni o‘ziga shunday yarashqanki...”
Anvar o‘zini asrab olgan va ta’lim bergan muallimining quyidagi so‘zlariga umr bo‘yi amal qildi: “Sen o‘z ishingni bilib qilsang, vazifangda sustlik ko‘rsatmasang, senga butun olam dushman bo‘lg‘anda ham bir mo‘yingni xam qilolmas. Chunki haq hamisha g‘olibdir, haqsizlik ersa mag‘lub. Tuhmat va bo‘hton xavfida ma’rakadan yuz o‘gurish – yigitlarning ishi bo‘lmas”. Iqtibosdagi “haq hamisha g‘olibdir, haqsizlik ersa mag‘lub” so‘zlari o‘sha davr zolimlari, mustabidlariga qarshi aytilgan so‘zlar emasmi?!
Yaxshisi, biz roman voqealari orasida ko‘pchilikning yodiga muhrlanib qolgan Anvar va Ra’noning bahri baytidan parcha keltiraylik: “Anvar javob berish o‘rnig‘a qalamini qoralab yozdi:
Agar Farhodning Shirin, bo‘lsa Majnunlarning Laylosi,
Nasib o‘lmish menga gulshan aro gullarning “Ra’no”si.
Ra’no yana bir oz o‘ylanib, Anvardan yashirincha yozdi:
Agar or etsa Layli haqlidir Qaysning jununidin,
Ne baxt, Ra’no xaridoring talab ahlining “Mirzo”si”.
Bu iqtibos barcha zamonlarda o‘zbek yigit-qizlarining bilimli va iqtidorli bo‘lganligiga yorqin dalildir.
Ra’noning otasi, Anvarni asrab olgan Solih maxdum timsoli zargarona bo‘yoqlarda chizilgan: “Oyni etak bilan yashirib bo‘lmaydir. Maxdumning xasislikka o‘xshash holatlari albatta bor edi. Maxdum topib-tutmag‘an yillarda bu ishni yo‘qliqdan qiladir, desak-da keyingi vaqtlarda ham shu odatini tark etmagani uchun tabi’atida bir muncha xasislik bor ekan, deymiz.
Maxdum bo‘ychan, olago‘sht, siyrak mo‘y, oq tan, istarasi issig‘ bir domla edi. Yoshi ellidan oshqan, soch va soqolida bir muncha oqlar ko‘rinar edi. Kishi bilan so‘zlashkanda, ayniqsa, bir narsadan taajjublanganda siyrak va lekin to‘g‘ri, baquvvat o‘skan soqolini tutamlab o‘ng ko‘zini bir oz qisib qarar, odat qilg‘andan bo‘lsa kerak gap orasida “habba” degan so‘zni ko‘proq ishlatar edi. Domlaning bu “habba”si nima ma’noda qo‘llanilar, o‘zidan boshqa hech kim bilmaganidek, undan bu to‘g‘rida izoh ham so‘ramag‘an edilar”.
Shuncha so‘zlarni yozgandan keyin Abdulla Qodiriy o‘zining asosiy gapini aytadi: “Nima bo‘lg‘anda ham Maxdum o‘z zamonasining eng olding‘i domlalaridan, Qo‘qon aksariyatining savodxon bo‘lishlarig‘a sababchi ustozlardan, hatto ulug‘ xizmatlarga kishi yetishdirib berguchi nodir muallimlardan edi”.
Tarixdan ma’lumki, roman yozilgan davrda mustabid tuzum gumashtalari o‘zbek xalqini yalpi savodsizlikda ayblayotgan, kamsitayotgan vaqt edi. Shunga qaramay Abdulla Qodiriy romanida yurtimizda o‘sha yillarda ham nodir muallimlar, Anvar-Ra’noday zukko yigit-qizlar bo‘lganligini baralla yoza oldi.
Tabiiyki, romanda odam nomiga nomunosib yaramas kimsalarga oid lavhalar ham bor. Ulardan biri Abdurahmonning qilmishlaridir. Bu kimsaning o‘smirligidan boshlab qilgan iflos ishlarini qoralashga adib tili bilan aytganda: “Ahvolini yozishga qalam ma’zurdir”. Biroq, bu kas qing‘ir yo‘llar bilan mahalla masjidi imomi bo‘lishga erishadi. Ya’ni, mehrobga chiqadi. Ming turda tuslanib Anvar yordamida mansabga erishadi va o‘sha kundan Anvarga qarshi fitna boshlaydi. Chayonning ishi chaqmoqdir, deya bejiz aytilmagan. Bu chayon ham turli vositalar bilan Anvar hayotini zaharlashga erishadi. Afsuski, davr shunday manfur kimsalarniki edi. Roman yozilgan davrda ham mehrobda – xalq xizmatini qilishi lozim bo‘lgan mansabdorlar orasida Abdurahmonga o‘xshash chayonlar oz emasdi. Ehtimol, shuning uchun sevimli adibimiz ikkinchi romaniga “Mehrobdan chayon” deya nom qo‘ygandir.
Buyuk yozuvchimiz roman so‘zboshida ta’kidlaganlariday: “Ro‘monda yana bundan boshqa ko‘b jihatlar bor. Ularni bu yerda sanab o‘lturish hojat emas, ular muhtaram o‘qug‘uchining nazaridan qochib qutilmas”. Darhaqiqat, kitobsevarlarimiz “Mehrobdan chayon” romanini diqqat bilan yana o‘qib chiqsalar adib so‘zlariga o‘zlari ham ishonch hosil qiladilar.
Kitob o‘qishdan muddao mavjud so‘z xazinangizni boyitish, bilimingizni oshirish, fikrat ufqlaringizni yanada kengaytirish va ularni turmush tarzingizga singdirishdir. Sevimli adibimiz Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” romanidan orttirmay va kamitmay yozgan “Mehrobdan chayon” romanini mutolaa qilsangiz, shunday fazilatlarga ega bo‘lasiz.
Mohinur MO‘MINOVA,
Islom Karimov nomidagi
Elektr energetika fakulteti talabasi.