Germaniyaning Reyn-Rur hududidagi Duysburg, Boxum, Essen, Xagen va Myulxaym shaharlarida XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida mamlakatimiz sport sharafini munosib himoya qilgan O‘zbekiston talaba-sportchilar delegatsiyasi tantanali kutib olindi.
Vatanimizning xalqaro obro‘-e’tiboriga munosib hissa qo‘shgan sportchilarimizni Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan mutasaddilar, sportchilar, ularning murabbiylari, ota-onalar Germaniyada o‘tgan 32 Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida mamlakatimizning talaba-sportchilari 58 mamlakatning 5 ming 100 nafardan ortiq talaba-sportchilari orasida 4 ta oltin, 4 ta kumush hamda 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoada 13-o‘rinni egallagani mamlakatimiz sportining yuksak g‘alabasi bo‘lganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, bunday ulkan g‘alabalar davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasidir.
[gallery-24518]
O‘zbekiston sport jamoasining Hamdo‘stlik mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi, Turkiy davlatlar kesimida ikkinchi, Osiyo qit’asi davlatlari qatorida to‘rtinchi o‘rinni egallagani chinakam g‘alaba bo‘ldi.
Yengil atletikachi qizimiz Sharifa Davronovaning Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlarining g‘oliblari bilan bellashuvlarda oltin medalga ega chiqishi, badiiy gimnastikachimiz Taxmina Ikromovaning halqada va tasmada mashq bajarishda oltin, bulava hamda ko‘pkurash bahslarida kumush, jami 4 ta medalni qo‘lga kiritishi, taekvondochilarimiz Madina Mirabzalova, Shamsiddin Qurbonov, Najmiddin Qosimhojiyev va Marat Mavlonovlarning mustahkam irodasi, dzyudochilarimiz Laziza Haydarova hamda Shukurjon Aminova, batterflyay usulida suzish bahslarida yangi rekordlarni o‘rnatgan Eldorbek Usmonov kabi sportchilarimizning ko‘rsatgan matonati yangi O‘zbekiston sportchilarining mamlakatimiz mustaqilligining 34 yillik shodiyonalariga munosib tuhfasidir.
Mamlakatimizning 18 ta oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan 53 nafar talaba-sportchilari Germaniya sport maydonlarida 11 ta sport turi bo‘yicha musobaqalarda bellashdi.
Yangi O‘zbekistonning “oltin avlodi” bo‘lgan sportchilarimiz suzish, badiiy gimnastika, yengil atletika, taekvondo WT va dzyudo bahslarida muvaffaqiyatga erishdi.
Bundan bir yil muqaddam yakunlangan Parij Olimpiadasida yuksak jasorat ko‘rsatgan sportchilarimiz 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, 200 dan ortiq davlat orasida 13-o‘rinni egallab, mamlakatimizning xalqaro maydondagi taraqqiyoti borasidagi yuksak salohiyatini namoyish etgandi.
Germaniyada o‘tgan Universiada o‘yinlarida ham umumjamoada 13-o‘rindan joy olishimiz 2028 yili Los-Anjelesda bo‘ladigan navbatdagi olimpiadaga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘ldi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA