O‘rta yer dengizida 34 nafar muhojirning jasadi topildi
Italiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati o‘tgan hafta boshida muhojirlarni olib ketayotgan qayiq cho‘kib ketgani haqida xabar qilgan edi. Yaqinda O‘rta yer dengizidan 34 nafar jasad chiqarib olindi.
“Associated Press” agentligi xabar berishicha, 11 kishi qutqarilgan, yo‘qolganlarni qidirish davom etyapti. Halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha agentligi va boshqa tuzilmalari ma’lumotiga ko‘ra, omon qolganlar motorli qayiq 16 iyunga o‘tar kechasi yonib ketib, ag‘darilganini gapirib berishgan. Qayiqda Eron, Suriya va Iroq fuqarolari, jami 75 kishi bor edi.
“Chegara bilmas shifokorlar” xayriya tashkiloti 66 kishining taqdiri noma’lumligi, ulardan 26 nafari bola ekanini qo‘shimcha qilgan.
Germaniyaning “ResQship” qochqinlarni qutqarish gumanitar tashkiloti Italiyaning Lampeduza oroli yaqinida yana bir qayiq ag‘darilgani, o‘n kishi halok bo‘lgani yuzasidan bayonot berdi.
BMT Qochqinlar agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan beri O‘rta yer dengizida 1000 dan ortiq qochqin halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Umuman esa bu yil Italiyaga kelayotgan qochqinlar soni sezilarli darajada kamaygan.
Gumanitar tashkilotlar hozirgi vaziyatni keskin tanqib qilib, o‘lim holati ko‘paygani Yevropa migratsiya siyosati muvaffaqiyatsizligidan dalolat, deya ta’kidlagan.