Qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etib, ekologik toza, arzon va sifatli mahsulotlarni yetishtirish va ichki bozorni barqaror ta’minlash borasida dehqon xo‘jaliklarining o‘ziga xos tajribasi mavjud.
Yetishtirilayotgan mahsulotlar orasida qulupnay shirinligi va yorqin rangi bilan mashhur. U inson salomatligi uchun foydali bo‘lgan vitaminlar, minerallar va antioksidantlarga boydir. Toshkent viloyatida ham qulupnay yetishtirish bilan shug‘ullanadigan dehqonlar ko‘paymoqda. Bu orqali qulupnaychilik hudud iqtisodiy rivojining muhim drayverlaridan biriga aylanmoqda.

Xususan, O‘rta Chirchiq tumani Yangi turmush mahallasida tadbirkor Ibratilla Rixsitillayev 800 ming dollar mablag‘ evaziga xorij texnologiyasi asosida 1 gektarda ziyod maydonda zamonaviy issiqxona barpo qildi. “Agro servis orzu” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi issiqxonada barcha yumushlar raqamlashtirilgan texnologiyalar asosida amalga oshiriladi. Buning uchun 50 nafar ish o‘rni yaratilgan va hududdagi ishsiz aholi bandligi ta’minlangan.

– AQSHdan olib kelingan qulupnayning “Albion”, “Kabrillo” va “Monterrey” navlari yil davomida 360 kun hosil beradi, – deydi I.Rixsitillayev. – Mazkur loyihani boshlashdan avval bu borada ko‘plab davlatlar tajribasini o‘rgandik. Ishonamanki, bu o‘z natijasini bermoqda. Oktyabr oyi boshlarida ilk hosilga kiradigan qulupnaydan bir kunda 1,5 tonnagacha hosil yig‘ib olish mumkin.
Hozirgi kunda korxona qulupnaylarni to‘liq Saudiya Arabistoni, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Ayni paytda keng va yorug‘ issiqxonada hosil yig‘ish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.