Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislar zali suv quygandek jimjit. Bir necha daqiqadan so‘ng davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashrifi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish boshlanadi. Yig‘ilish Kegayli tumanida bo‘ladi, qolgan barcha tuman va shaharlarning vakillari videokuzatuv orqali ishtirok etadi.
Shu lahzalarda bir qur atrofiga razm solgan kishi barchaning yuzu ko‘zlarida Prezidentimiz bu safar bizni qanday yangiliklar bilan siylaydilar, oldimizga qanday vazifalar qo‘yadilar, degan nozik hayajonlarni ilg‘aydi.
Bu tabiiy holdir. Zero, mamlakatimiz rahbari joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar ijrosi bilan tanishish, xalq bilan yuzma-yuz uchrashish maqsadida qaysi viloyatga bormasinlar, albatta, qilingan ishlarni xalq bilan birgalikda muhokama-tahlil qiladilar, odamlarning turmushini farovon qilish, iqtisodiy holatini yuksaltirish bo‘yicha yirik loyihalarni o‘rtaga tashlaydilar. Shu tarzda so‘rovlar, hisobotlar, savol-javoblar, topshiriqlar boshlanadi...
Bu galgi muloqot avvalgilaridan boshqacharoq boshlandi. Tadbir avvalida 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Beruniy tumanidagi Beruniy bug‘doy klaster hamda «Rayhon apparel», Qorao‘zak tumanidagi «Qoraqalpoq sement» zavodining uchinchi bosqichi, Qo‘ng‘irot tumanidagi «KKRasi kemikal», Nukus shahridagi «Azimut hotel», To‘rtko‘l tumanidagi «Xozagro» vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi. Bu korxonalarda jami 1100 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi, ular orqali ishlab chiqarishga 300 milliard so‘m, eksportga 20 million dollar qo‘shiladi.
Prezidentimiz ramziy tugmani bosdi, yangi korxonalar ishga tushdi, qarsaklar yangradi.
Qarsaklar yangrayotganda Prezidentimizning 2019 yil 20 avgust kuni Qoraqalpog‘istonga qilgan tashrifi chog‘ida aytgan bir so‘zi esimga tushdi.
– Men Sizlar bilan uchrashganda, – degan edi o‘shanda davlatimiz rahbari. – Sizning qizg‘in qarsaklaringizni ko‘rish uchun emas, sizlarning ko‘zlaringizdagi quvonchni ko‘rish uchun kelaman. Sababi tarixdan yaxshi ma’lum, qoraqalpoq xalqi tarixda hamma vaqt qayg‘u-alam, og‘ir dard bilan kun kechirgan.
Prezident bekorga aytgan emasdi bu so‘zlarni. Qoraqalpoq xalqining o‘tmishini yaxshi bilgan, dardu-tashvishlarini dil-dilidan his qilgan odam aytishi mumkin edi bunday gaplarni. Illo, har bir xalqning uzun tarixi, bosib o‘tgan yo‘li, boshidan kechirgan issiq-sovuq kunlari bor. To‘fonu bo‘ronlar girdobida toblanib-chiniqmagan elat ham, millat ham yo‘q bu dunyoyi dunda. Ammo, hech kim qoraqalpoqchalik achchiq izg‘irinlarga duch kelmagan bo‘lsa kerak.
Kechmishi miloddan avvalgi asrlarga borib taqalguvchi bu xalq – xalq bo‘lib shakllangandan boshlab qayg‘uli damlarga yuzma-yuz kelaverdi: zo‘ravonlar qutqusiga uchradi, bir manzilda qo‘nim topolmadi, «ko‘cha-ko‘ch», «qocha-qoch» deyilmish tahlikalar ostida umrguzaronlik qilishga majbur bo‘ldi. Orol bo‘ylarida baliqchilik, chorvachilik bilan tinchgina yashab yurgan, ilk manbalarda «qora bo‘rkli», mo‘g‘ullar iste’losi davrida «qavmi kulohi siyah» deb atalgan qoraqalpoqlarni Chingiz lashkarlari Rus cho‘llariga haydadi.
Bunday xo‘rliklarni qoraqalpoqning ulug‘ shoiri Berdaq shunday ifodaladi:
Zolimlar tinglamas faqirning zorin,
Ular o‘ylar o‘z foydasin, o‘z korin,
Hech qachon zolimlar qo‘ldagi borin –
Ep ko‘rmaslar bor bo‘lsada, xalq uchun.
Bir muddat Kiyev Rusi dashtlari, Volga – Ural oraliqlari, keyin Irtish sohillari omonat boshpana bo‘ldi qoraqalpoqlarga. Undan keyin Sariqamish, O‘zbo‘y, Sayxun bo‘ylarida kun kechirgan xalq nihoyat, yer yuzining yarmini aylanib-aylanib, 18-asr o‘rtalarida, ne-ne mashaqqatlar bilan yana Jayhun sohillariga qaytib keldi. Keldi ota makoniga. Biroq, ko‘ch-ko‘chlar bo‘ronida necha minglab o‘g‘il-qizlaridan bevaqt ayrilgan «qora bo‘rkli»larning manglayiga osoyishta damlar hali yozilmagan ekan: yana quv-quvlar, hayda-haydalar, urushlar, qon to‘kishlar... Gapirsang tiling, gapirmasang diling kuyadi. Chor Rossiyasi iste’losi va sho‘rolar zamonida goh Rossiya, goh Qozog‘iston tarkibiga o‘tkazib-qaytarilgan «qavmi kulahi siyah»lar, nihoyat, O‘zbekiston bilan bir davlat, bir mamlakat maqomiga ega bo‘lgandan keyingina azaliy orzulariga yetdi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng haq o‘z o‘zaniga qaytdi. Ayniqsa, keyingi 5-6 yil ichidagi o‘zgarishlar, qurilayotgan bir-biridan ko‘rkam uylar, madaniyat-ma’rifat koshonalari, zavodlar, fabrikalar, ko‘chalar, ko‘priklar, xiyobonlar, bog‘lar...
Hozir, qarsaklar jaranglab turgan ushbu daqiqalarda, Yurtboshimiz qarsaklardan emas, qoraqalpog‘istonliklarning chehrayu ko‘zlarida o‘zi orzu qilgan quvonch yolqinlarini ko‘rayotganidan baxtiyor ekani sezilib turgandek edi, nazarimda. Axir, bunday muborak kunlarga yetib kelish oson bo‘ldimi?! Necha martalab tashrif buyurdi Qoraqalpoq o‘lkasiga. Ana shu tashriflar tufayli Qoraqalpoq diyorining eng olis ovullariga yangi hayot kirib bordi. Birgina Orolni, Mo‘ynoqni bir nafas ko‘z oldingizga keltiring? Qanchalar mushkul va ayanchli edi bu yerdagi manzaralar. Aeroport tugul, yolg‘izoyoq yo‘llar ham ko‘milib, yo‘q bo‘lib ketgan Mo‘ynoqqa Toshkentdan ko‘tarilgan birinchi raqamli bort, ya’ni Prezident uchgan samolyot 2022 yil 23 fevral kuni Mo‘ynoq aeroportiga kelib qo‘ndi. Ungacha Prezidentimizning o‘zi ikki marta – 2018 va 2019 yillarda Mo‘ynoqqa borgan, mo‘ynoqlik yoshullilar, mahalla raislari, yoshlar bilan uchrashgan, suhbatlashgan, maslahatlashgan va o‘shanda «madaniyat Oroldan boshlanadi» degan g‘oyani ilgari surgan edi. Tashrif chog‘i Shavkat Mirziyoyevning o‘zi Orol dengizining qurigan joyiga borib, vaziyatni ko‘rdi.
Bir paytlar ming-minglab odamlar farovon hayot kechirgan, tonnalab baliqlar ovlangan, dengiz va unga tutash daryoyu yaylovlarda qo‘y-qo‘zilar o‘tlab yurgan, qushlar sayrog‘i, yosh-yalanglarning kuy-qo‘shiqlari jaranglab turgan manzilning bunday abgor ahvolini ko‘rish, uning kelajagini tasavvur qilish qanchalar mushkul.
Yurtboshimiz ahvolni teran baholab, bu dahshatli muammoni oqilona hal qilishni o‘yladi. Albatta, shu paytgacha ham mazkur fojeani tuzatishga oid xalqaro rejalar, ilmiy strategiyalar, turli-tuman jamg‘armalar bor edi. Orolni qutqarish tashkilotlari faoliyati to‘xtagan emas, faqat natija yo‘q edi. Prezident yangi strategiya taklif qildi. Muammoni hal qilish uchun Orolning qurib qolgan qismiga o‘simliklar ekib, tuzli, zaharli to‘zonni to‘xtatib uning o‘rniga yashil iqtisodiyotni tashkil etishni ilmiy asoslab berdi. Jahon hamjamiyati bu fikrni insoniyat tarixidagi donishmandlikning yana bir yutug‘i sifatida baholadi.
Prezident tashabbusi bilan Orolbo‘yini odamlarga rizq ulashadigan, ish va daromad manbaiga aylantiragan makonga aylantirish ishlari boshlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining tumanlari muayyan viloyatlarga biriktirildi. O‘zbekiston oyoqqa qalqdi, O‘zbekiston Orol bo‘ylarini obod qilishga astoydil bel bog‘ladi. Avvalo, atrofni, musaffo havoni tozalash, dengizning qurigan tubidan ko‘tarilayotgan million-million tonna chang va zaharli tuzlarni kamaytirish maqsadida sho‘rga chidamli o‘simliklar ekishga kirishildi. El biriksa, tog‘ni talqon, cho‘lni bo‘ston qiladi. Orol sohillarida hayot qaynadi, minglab odamlar bel, ketmon ko‘tardilar, yuzlab traktorlar gurullab yer haydadi, samolyotlar osmondan urug‘ sepdi. Avvalgi 40 yillar davomida Orolning qurigan tubiga bor-yo‘g‘i 400 ming gektar saksovul ekilgan bo‘lsa, ana-mana deguncha dengizning suv qurigan 2 million gektardan ortiq qismiga saksovul, qorabo‘roq, qandim, cherkez kabi cho‘l o‘simliklari ekilib, to‘qayzor barpo etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu orada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi sessiyalarida so‘zga chiqdi, xalqaro sammitlarda muhim takliflarni ilgari surdi. Dunyo ahlini yana va yana Orol fojeasi va bu fojeaning oldini olishga qaratdi. Shu tarzda Orol muammosiga qarshi kurashda dunyodagi barcha davlatlar birligini tashkil qilgan Trast fondiga asos solindi. Xalqning yo‘qolib borayotgan umidlari tiklandi. Prezidentimizning yana bir tashabbusi bilan Orol bo‘yining flora va faunasini yaxshilash bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqildi.
Respublikaning boshqa tumanlarida ham ishlar bir nafas bo‘lsada to‘xtagan emas. Buxoro viloyati tadbirkorlari Xo‘jayli, xorazmliklar Shumanay, samarqandliklar Nukus, sirdaryoliklar Qonliko‘l tumanlarida bog‘lar, uzumzorlar, ixcham issiqxonalar tashkil qildilar. Qolgan tumanlarda undanda salmoqli loyihalar bajarildi. Jumladan, qoramol, qo‘y va echkilarni ko‘paytirish, parranda, quyon va asalarichilikni rivojlantirish izga tushdi. Buning uchun xonadonlarga qo‘y va echkilar, quyonlar va asalarilar tarqatildi. Yuz minglab gektar maydonda «Yashil qoplamalar» barpo etildi. Bunday muhim yumushlar hamon shiddat bilan davom ettirilmoqda.
Har safar Qoraqalpog‘istonga kelganida mazkur masalaga jiddiy e’tibor beradigan Prezident bu safar ham yana alohida to‘xtalib o‘tdi:
– Biz bitta el va bitta yurtmiz! Hamma viloyatlar Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan. Har bir tumanga vazirlar, viloyat hokimlari, idora va banklar rahbarlari biriktirilgan. Buning natijalari barcha tumanlarda ko‘rinyapti va bu ishlar to‘xtamaydi.
Prezidentimizning hozirgi baxtiyor holati yana bir manzarani – 2016 yil 10 noyabr kuni Shumanay tumanida bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida aytgan mana bu gaplarini esimga tushirdi:
– Men nafaqat o‘zbek xalqining, balki qoraqalpoq xalqining ham farzandiman. Bundan buyon har bir tuman va shaharga, kerak bo‘lsa chekka-chekka qishloq va ovullargacha kirib boramiz. U yerda istiqomat qilayotgan odamlarning dardini eshitamiz, muammolarini hal qilishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqamiz va ijrosini qat’iy nazoratga olamiz.
Shunday ham bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev prezidentlik lavozimiga kirishishdan boshlab Qoraqalpog‘istonga alohida e’tibor qaratdi. Qoraqalpoq diyorida boshlangan islohotlarning barchasi doimiy nazoratga olingani bois, loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda ayrim faktlarga e’tibor beramiz. Qarang, so‘nggi olti yil ichida hududda 15 trillion so‘m investitsiya hisobiga 5 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Tadbirkorlar soni ikki barobar ko‘payib, 46 mingta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Ilgarilari sanoat mahsulotlari deyarli ishlab chiqarilmagan o‘lkada metallurgiya kombinati, neft-kimyo zavodi komplekslari paydo bo‘ldi, qurilish materiallari, energiya resurslari va boshqa korxonalar birin-ketin ishga tushirildi. Sanoatning kirib kelishi tufayli avvallari ko‘rsatkichlari eng past bo‘lgan 6 tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar ko‘payishiga erishildi. Kegayli shunday qoloq tumanlarning karvonboshisi edi. Ilgarilari sanoat umuman yo‘q bo‘lgan bu tumanda astoydil qilingan harakatlar va hududlararo hamkorlik natijasida uchta loyiha ishga tushirildi. «Aqtuba tekstil» shularning biridir. Yiliga uch million donadan ziyod trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan korxona ishchilari yiliga 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish maqsadida mehnat qilishmoqda. Korxona jihozlarining hammasi Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlardan olib kelib, o‘rnatilgan eng zamonaviy uskunalardir.
Yana bir ibratli tomoni, korxonaning o‘zida yoshlarni kasb-hunarga qayta tayyorlovchi o‘quv markazi tashkil etilgan. Unda mahallalardagi kasbga qiziquvchi ishsiz yigit-qizlar malaka oshiradilar, hunar egallaydilar...
Yutuqlar albatta quvonchli edi. Ammo, Prezidentimiz ulardan qoniqmadi, qoraqalpoq xalqining dasturxonini yanayam to‘kin bo‘lishiga asos bo‘ladigan yangi tashabbuslarni bildirdi. Qoraqalpog‘istondagi 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratish va shu yilning o‘zida unga 250 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish shularning biri edi.
Bir mahallaga 500 million! Endi shu raqamni tahlil qilishga harakat qilaylik. Agar shu pullar to‘g‘ri sarflansa, qancha nochor oila og‘ir ahvoldan xalos bo‘lishi, qancha ishsizlar ishli, qancha oilalar esa kichik-kichik tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 452 ta mahallaning har birida, boringki, 10 tadan odam ishli bo‘lganda ham necha yuz kishining qozoni qaynaydi.
Ikkinchi tashabbus – kadastrsiz uylar tilga olinganda ko‘plar joylaridan turib ketdilar. Qarangki, Qoraqalpog‘istonda 38 mingta uy-joy va ko‘chmas mulk kadastr qilinmagan ekan. Davlat rahbari soha mutasaddilariga bu masalani tezkorlik bilan bajarish vazifasini topshirdi.
Uy-joy muammosi Qoraqalpog‘iston uchun ham o‘ta muhim hisoblanadi. Shu yilning o‘zida 4 mingta uy-joy qurilishi va shunga qo‘shimcha, zamonaviy loyiha asosida yana 4 mingta yakka tartibda uy-joy qurishga 4 sotixdan yer ajratilishi aholini behad xursand qilmasligi mumkin emasdi, albatta.
Qoraqalpog‘istonda ishsizlik muammosi hal bo‘lmayotgani, hozir 72 ming rasmiy ishsiz borligi davlatimiz rahbarini qattiq tashvishlantirdi. Buning ustiga har yili 43 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Prezident tomonidan mana shular hisobga olinib, 193 ming ish o‘rni yaratish va Qoraqalpog‘istonni «ishsizlikdan holi hudud»ga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Yig‘ilishdan so‘ng Prezidentimiz Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrda millatlararo totuvlikka bag‘ishlagan madaniy tadbirda ishtirok etdi.
Ta’kidlash kerakki, Prezidentning bu tadbirda ishtirok etishi hecham tasodifiy emasdi. Shavkat Miromonovich qoraqalpoq xalqining o‘ziga xos madaniyati, go‘zal adabiyoti, rangin san’atiga talabalik yillaridayoq mehr qo‘yganini ko‘p marta tilga olgan, tashriflarining birida esa: «Yoshlikda, talabalik davrida institutimizda o‘tkaziladigan turli tadbirlar, bayramlarda qoraqalpog‘istonlik yoshlar juda faol qatnashar edilar. Ayniqsa, Jizzax, Sirdaryo viloyatlariga paxta terimiga chiqqanlarimizda, ishdan keyin, kechqurunlari gulxan atrofida qoraqalpoq qizlarimiz, yigitlarimiz Kunxo‘ja, Ajiniyoz, Berdaq kabi shoirlardan she’r o‘qib, qo‘shiq aytib, raqsga tushganlarida barchamiz qoyil qolar edik.
Men o‘shanda «Bo‘zatov», «Aydinlar», «Dembermes» degan qoraqalpoq qo‘shiqlarini birinchi marta eshitib, o‘zimni bamisoli sehrlanib qolgandek his qilganimni hozir ham yaxshi eslayman», deya iftixor bilan e’tirof etgan edi.
Sahnada Prezident yoshligida suyib ardoqlagan «Shag‘ala», «Dembermes», «Nigarim» kabi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Alisher Navoiy, Berdaq, Maxtumquli, Abay, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov ijodidan namunalar o‘qildi.
Mamlakatimizdagi eng qadimiy teatrlardan biri bo‘lgan, ne-ne iste’dodli san’atkorlar, teatr arboblarini kamolga yetkazgan ushbu maskandagi uchrashuv va muloqotlarda davlatimiz rahbari milliy sharqona qadriyatlarimizni ulug‘lovchi asarlarni ko‘proq qo‘yish, viloyatlar bo‘ylab gastrollarga chiqib, yoshlarni teatrga qaytarish, madaniyatni boyitish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv va muloqotlarda keksayu yosh – hamma o‘lkada hayot manzaralari butunlay o‘zgarib borayotganini g‘urur bilan ta’kidladi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda Qo‘ng‘irot soda zavodi, dunyodagi eng yirik loyihalardan biri bo‘lmish Ustyurt gaz kimyo majmuasining keng ko‘lamda faoliyat yurita boshlagani, Nukus xalqaro aeroportida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari, qamishni qayta ishlab, qurilish materiallari tayyorlaydigan korxonalarning ko‘payishi, qizilmiya plantatsiyalarining kengayib borayotgani, zamonaviy avtomatlashgan sement, lak-bo‘yoq zavodlari ishga tushirilishi va boshqa katta hajmdagi loyiha kimni quvontirmaydi, hayratlantirmaydi, deysiz.
Agar Berdaq bobo hayot bo‘lganida, bunday tarixiy evrilishlarni ko‘rib:
– Shoir edim, ko‘zim ko‘rganin yozdim,
Ko‘nglimning bilganin, sezganin yozdim,
Zamon jafosidan sarg‘aydim, ozdim,
Kelurmi, deb, yaxshi kunlar xalq uchun, –
deb qon-qon yig‘lamagan, aksincha, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupovdek:
– Mehnat desa yeng shimargan polvonday,
Aravada tog‘ keltir de, keltirar.
Do‘stlik desa, yulduz topib olganday,
Oq ko‘kragin ezgulikka to‘ldirar,– deya hayqirgan bo‘lar edi.
Illo, o‘tmishda ko‘p azoblar ko‘rgan qoraqalpoq xalqi yuksalishning baland cho‘qqilari tomon dadil borayotir. Tanti xalqning kelajagi esa yanada porloq. Barcha sohalardagi o‘zgarishlar shunday shitob bilan rivojlanib boryaptiki, yana 5-10 yildan keyin bu tomonlarga kelgan kishi Qoraqalpoq zaminini taniyolmaydi. Shunday, qoraqalpoqliklar xonadoniga quvonch va baxt, Orol bo‘ylariga qushlaru chorloqlar, Qizilqum cho‘llariga sayg‘oqlaru tuvaloqlar, Sudoche ko‘llariga noyob baliqlar qaytmoqda.
Qancha-qancha asarlar yoziladi, kinolar yaratiladi, dostonlar to‘qiladi, qo‘shiqlar kuylanadi bu el, bu zamin haqida hali.
Men ham maqolaga sig‘magan tuyg‘ularimni she’rda ifodalash harakat qildim:
Goh baxtli entikib, balqdi quyoshing,
Jayxunga sig‘may goh oqdi ko‘z yoshing,
Eh! Ne-ne g‘amlarni ko‘rdi bu boshing,
Birda sham, birda cho‘g‘, birda chaqmog‘im –
Qoraqalpog‘im.
Balki Avestodan qadimdir shoning,
Noming Qoraqalpoq, turkiydir qoning,
Toshdanda qattiqdir har tishlam noning,
Qurdoshim, eldoshim, urug‘-aymog‘im –
Qoraqalpog‘im.
Kimlardir qashqirdek taladilar xo‘p,
Kimlardir qozoning yaladilar xo‘p,
Kurashding goh yolg‘iz, gohida to‘p-to‘p,
Ey, yozga yetolmay quvragan bog‘im –
Qoraqalpog‘im.
Kezinding goh Edil,gohi Yoyiqda,
Yovlar hujum qildi ochko‘z ayiqday,
Kunlari to‘fonda qolgan qayiqday,
Bo‘ronda, dovulda ulg‘ayg‘an tog‘im –
Qoraqalpog‘im.
Ul qora kunlaring armondir endi,
Senu men – bir ulug‘ karvonmiz endi,
Jasur Yurtboshimiz sarbondir endi,
Ovulim, bovurim, ko‘zim, qarog‘im –
Qoraqalpog‘im.
Orolga qaytmoqda erka chorloqlar,
Yosharib bormoqda kentlar, qishloqlar,
Ustyurtda porlagan yorqin chiroqlar,
Endi o‘chmagaydir – o‘chmas chirog‘im –
Qoraqalpog‘im.
Gullarga ko‘milgay cho‘llaring endi,
Quyoshga ko‘milgay yo‘llaring endi,
Yulduzga yetgaydir qo‘llaring endi,
Ey, mehri bulog‘im, qalbi qaynog‘im –
Qoraqalpog‘im.
30 mart, 2023 yil.
Abdusaid Ko‘chimov,
jurnalist