Nukus shahridagi “Do‘stlik” kanali bo‘yidagi bayramona bezatilgan maydonda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida teatrlashtirilgan adabiy-musiqiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirokchilar va mehmonlarni Navro‘zi olam bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, tarixdan barchamizga ma’lumki, sharq xalqlari uchun Yangi yilning boshlanishi sanalgan Navro‘z bayrami qadim zamonlardan buyon alohida e’zozlanib va qadrlanib kelayotgan eng ulug‘ ayyomlardan hisoblanadi. Chunki, Navro‘zning takrorlanmas o‘ziga xosligi va qadriyatlari oradan qancha yillar, asrlar o‘tsa ham avloddan-avlodga milliy madaniy meros sifatida o‘tib kelmoqda.
Bu yilgi bayram tadbirlari Prezidentimizning maxsus qarori bilan shahar va qishloqlarimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, bu yilgi Navro‘z ayyomi muqaddas Ramazon oyida nishonlanishi, qolaversa, muborak Juma kuniga to‘g‘ri kelishini xalqimiz mo‘l-ko‘lchilik va barakaning ramzi sifatida o‘zgacha quvonch va ko‘tarinki ruh bilan kutib olmoqda.
[gallery-22374]
Shunday quvonchli damlarda insonlar o‘zlarini tabiatning ajralmas bir qismi ekanini yanada chuqur his etib, atrof-muhitni asrab-avaylash va bugungi baxtli hayotimizning qadriga yetish kabi ezgu maqsadlar atrofida jipslashmoqda. Ayniqsa, joriy “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”ning o‘zida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan xalqimizning kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Mana, ushbu bayram arafasida yurtimizda e’lon qilingan “Dolzarb bir oylik” doirasida Navro‘z umumxalq bayramini va muborak Ramazon oyini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, mahallalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, aholi tomorqalarida serdaromad ekinlarni ekish, “Yashil makon” umumxalq loyihasi doirasida turli daraxt ko‘chatlarini ekish va madaniy tadbirlarni o‘tkazish kabi ezgu ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash mumkin. Albatta, bularning barchasi mustahkam hamjihatlik va ona tabiatimizga bo‘lgan mehr-muhabbat samarasi, deb bilamiz.
Azaldan Navro‘zdan Navro‘zgacha rejalar tuzishni an’ana qilgan xalqimiz bu yil ham katta umidlar bog‘lamoqda. Chunki, ko‘p millatli xalqimiz o‘tgan bir yilning o‘zida katta o‘zgarishlar va yangilanishlarning, tarixiy voqealarning guvohi bo‘lgani bilan alohida faxrlansak bo‘ladi. Xususan, Amudaryoda qiymati 379 milliard so‘mlik zamonaviy qo‘shma ko‘prikning, mamlakatimizni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan, 383 million dollarlik Qo‘ng‘irot-Beyneu avtomobil yo‘lining yangidan qurilgan 240 kilometr oralig‘ining foydalanishga topshirilgani, ko‘p millatli xalqimizning do‘stlik ramziga aylangan - dunyodagi eng katta “Qora uy”ning Nukus shahrida qad rostlab, “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgani, Prezidentimizning yurtimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti birinchi marta Nukus shahrida shu yerda o‘tkazilgani, turizmni rivojlantirishda muhim o‘rin tutgan “Nukus – Mo‘ynoq”, “Nukus – Istanbul” hamda “Nukus – Olmaota” yo‘nalishlari bo‘yicha aviaqatnovlarning, shuningdek, “Nukus – Mangistau” yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani, yoshlarimizning oliy o‘quv yurtlariga kirishi uchun qo‘shimcha 10 mingta kvota ajratilgani – xalqimiz hayotida yuz bergan unutilmas quvonchli voqealar sirasiga kiradi.
Shuni alohida ta’kidlashimiz lozimki, birgina qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida 10 ta hujjat asosida 40 ga yaqin imtiyoz berildi. Umuman berilgan soliq imtiyozlari natijasida o‘tgan yili qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlarning ixtiyorida 200 milliard so‘m qoldirildi.
Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida e’tibori bilan joriy yilda ham tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va aholining farovon hayotini ta’minlash bo‘yicha ilgari bo‘lmagan ko‘plab yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Mana shu asosda o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan xalqimiz uchun qo‘shimcha sharoitlarning berilgani, Loyihalarni amalga oshirish markazi, Tashqi grantlar bilan ishlash bo‘limi hamda tadbirkorlikka ko‘maklashish direksiyasi ochilgani, shuningdek, sanoatni rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha imtiyozli kreditlar ajratish ko‘zda tutilgani so‘zimizga yaqqol misol bo‘ladi. Qolaversa, 2026 yil yakuniga qadar 196 kilometr “Miskin – Nukus” temir yo‘l liniyasi to‘liq elektrlashtiriladi. Nukus shahrida qiymati 78 million dollarlik “Zamonaviy mehmonxona va kongress-xoll majmuasini qurish” loyihasi amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, joriy yilda shahar va tumanlarda davlat dasturlari doirasida jami 436 ta ob’ektda qariyb 1 trillion 500 milliard so‘mlik qurilish va rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Shu jumladan, 96 ta og‘ir mahallani suv bilan ta’minlash, ichki yo‘llar va elektr ta’minoti tarmoqlarida jami 319,4 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida 11 trillion so‘mlik 464 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi hamda 12 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Amalga oshirilishi belgilangan loyihalarda 447 million dollarga teng xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi.
Bayram davomida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri, “Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, “Maqom” ansambli, shahar va tuman madaniyat bo‘limlari artistlari hamda raqqosalari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi. Turli millat vakillari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga fayz bag‘ishladi. Bayram tadbirlari doirasida turli sport musobaqalari hamda milliy kiyimlar, hunarmandlar mahsulotlari va rassomlar ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘zga bag‘ishlangan bayram tadbirlari Orolbo‘yining barcha tumanlarida davom etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RhtmQj0C-HM" title="Orolbo‘yiga hush kelding, Navro‘z!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA