Orolbo‘yi qishloq ayollariga ehtirom ko‘rsatildi
Nukusda Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Orolbo‘yi qishloqlarida turli sohalarda fidokorona mehnat qilayotgan ayollar qatnashgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev yig‘ilganlarni Xalqaro qishloq ayollari kuni bilan muborakbod etdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash masalasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayollarning turmush sharoitlarini yaxshilash borasida bir qator qonun, farmon hamda qarorlar qabul qilindi. Ularning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun qator imtiyozlar berilib, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalardagi xotin-qizlar moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda.
So‘nggi ikki yil mobaynida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 82 ming nafardan ziyod xotin-qizning muammolarini bartaraf etish uchun 158,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Joriy yilning o‘zida “Ayollar daftari”ga 55 ming nafardan ziyod xotin-qiz kiritilib, shundan bugungi kungacha 46 ming nafardan ziyodining muammolari ijobiy hal etildi. Shuningdek, 43 ming nafardan ziyod xotin-qizning bandligi ta’minlandi, 4 ming 825 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi 21 ming 750 nafar xotin-qizga 367 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Shahar va tumanlarda ijtimoiy yordamga muhtoj 70 nafar xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlangan bo‘lsa, 268 nafarining uy-joyiini ta’mirlashga amaliy yordam ko‘rsatildi.
[gallery-14048]
Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan joylarda keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, bemorlarning holidan xabar olinib, “Hamisha e’tibordasiz!” shiori ostida ijtimoiy yordamga muhtoj ayollar, nuroniy onaxonlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, paxta yig‘im-terimida ishtirok etayotgan xotin-qizlar rag‘batlantirilib, chekka hududlarda istiqomat qiluvchilarning muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.
Tadbirda bir guruh qishloq ayollariga “Ardoqli nuroniy”, "Ibratli ayol” ko‘krak nishonlari hamda tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Mamlakatimizda qishloq ayollarining turmush sharoitini yaxshilash, ularning bandligini ta’minlash borasida keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda,– deydi Qorao‘zak tumani Berdaq ovuli fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli, “Ibratli ayol” ko‘krak nishoni sohibasi Zamira Bekniyazova. – Qishloq ayollariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz.
San’at ustalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wln26O4p9RE" title="Оролбўйи қишлоқ аёлларига эҳтиром кўрсатилди" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari