Kelgusida Yaponiya hukumatining “SATREPS” (Barqaror rivojlanish yo‘lidagi ilmiy tadqiqot va texnologik hamkorlik) dasturi doirasida «Orolbo‘yi mintaqasidagi yer maydonlarining sho‘rlanishga qarshi kurashish, unumdorligini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida suv resurslaridan foydalanishni monitoring nazorat qilishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish» loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligida o‘tkazilgan «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish» masalalariga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya ma’lum qilindi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur loyiha nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda Yaponiya hukumati ko‘magida amalga oshirilayotgan dastlabki va eng yirik tashabbus hisoblanmoqda.
Mazkur loyihaning tadqiqot guruhi yetakchilaridan biri Yaponiyaning Tottori universiteti professori Kristina Toderichga loyiha yuzasidan ba’zi savollar bilan murojaat qildik.
– O‘zbekiston siz uchun begona emas. Shu yerda yashagansiz, ilmiy faoliyatingizni ham aynan O‘zbekistonda boshlagansiz...
– O‘zim Moldovada tug‘ilganman, o‘sha yerda ta’lim olganman. Sankt-Peterburgdagi Botanika instituti aspiranturasida tahsil olayotganimda turmush o‘rtog‘im bilan tanishib, Samarqand viloyatiga kelib yashaganmiz. Avvalo bu yerda o‘zbek tilini o‘rgandim. O‘zbekistonga, o‘zbek xonadoniga kelin bo‘lganim mening baxtimdir. Aynan shu oilaning qo‘llab-quvvatlovi bilan ilmiy ishimni davom ettirib, avval nomzodlik, keyin doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishga muvaffaq bo‘ldim.
Darhaqiqat, qurg‘oqchil iqlim sharoitida atrof-muhitni muhofaza qilish, cho‘l ekologiyasi va suv resurslaridan foydalanishda deyarli 35 yillik tajribaga egaman.
Agar yangi texnologiyalar asosida, sho‘rlangan yerlarda noan’anaviy ekinlar yetishtirishga kirishilsa, shubhasiz, bu chekka hududlarda oziq ovqat mahsulotlarini yetishtirish orqali shu yerlarda yashovchi aholi turmush tarzini yaxshilash imkoniyatlari mavjud. Bugun sohadagi yangi loyihalar ustida ish olib boryapmiz.
2006-2019 yillar davomida BMTning beshta Markaziy Osiyo va Kavkazoldi davlatlari ishtirok etgan sho‘rlanish sharoitida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dasturida koordinator bo‘ldim.
Bu izlanishlar respublikamiz uchun yangi yo‘nalishda, ya’ni Orolbo‘yining tabiiy resurslarini tiklash va saqlash loyihasi ustida ishlashimga turtki berdi. Umuman olganda, men nafaqat tabiiy, balki mahalliy aholining qadimgi ajdodlari qoldirgan madaniy merosni asrab avaylash tarafdoriman va bu eski an’analardan hamda tajribalardan ko‘p narsalarni olishga harakat qilaman.
– Keling, mana shu amalga oshirayotgan loyihangiz haqida suhbatlashsak.
– Tabiatda galofit, ya’ni sho‘rlangan yerlarga moslashgan o‘simliklar o‘sadi. Bizning konsepsiyamiz mana shu o‘simliklarni madaniylashtirish, ulardan hosil olish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatida foydalanishdir. Ayrim galofit o‘simliklarini qayta ishlab, ulardan mahalliy chorva yoki parranda uchun yem olinsa, ayrimlarini, hatto, aholi ratsioniga qo‘shish masalasi ustida ham bosh qotirish vaqti keldi. Bu borada Isroil, AQSH, Yaponiya kabi davlatlarda tadqiqot ishlari boshlab yuborilgan.
Albatta, bu konsepsiyamizga ko‘pchilik ishonmasligi mumkin. Ammo kartoshkani Amerikadan olib kelib, uni o‘zimizda ham eng ko‘p iste’mol qilinadigan sabzavotga aylantirilguncha qancha vaqt ketganini bir o‘ylab ko‘raylik yoki paxta, hatto bug‘doy va guruch kabi o‘simliklarni madaniylashtirguncha ham odamzod minglab yillar davomida harakat qilgan.
Xuddi shunday hozirda tikanak deb qaralayotgan cho‘l o‘simliklarini yetishtirish, ulardan hosil olish va keng qo‘llash kelajak talabi. Uzoq qishloqlarda qiyinchilik ko‘rib yashayotgan aholiga muqobil imkoniyatlarni yaratishimiz kerak. Bunda gen muhandisligining o‘rni beqiyos bo‘ladi. Aynan hozir Orol havzasida tabiiy o‘sayotgan o‘simliklarning gen ma’lumotlarini ishga solish, sho‘rlanishi yuqori bo‘lgan boshqa hududlarda o‘sadigan o‘simliklarni olib kelib ko‘paytirish ustida tadqiqotlar olib boryapmiz. Agar tajribalarimiz o‘zini oqlasa, u keyinchalik keng yo‘lga qo‘yiladi.
– Cho‘l sharoitida o‘simliklarni yetishtirish qo‘shimcha suv resurslarini talab qiladi. Cho‘l zonalarida agrar sohani rivojlantirish orqali yana tabiatga ziyon yetkazilmaydimi?
– Galofit o‘simliklarning ajoyib xususiyati shundan iboratki, ular aynan sho‘rlangan yerlarda o‘sib, ortiqcha suv talab qilmaydi. Ayrim o‘simliklar, aksincha, o‘ziga tuzni tortib oladi, ya’ni tuproqni tuzdan xalos etish xususiyatiga ega. Bunday o‘simliklar, albatta, oziq-ovqat sifatida ishlatishga yaramaydi.Ammo ulardan bioyoqilg‘i sifatida foydalanish mumkin.
Cho‘l sharoitida yetishtiriladigan kinoa, amarant kabi o‘simliklarda oqsil moddasi ko‘p bo‘lgani bois, chorvachilikka sarflanadigan xarajatlar iqtisod qilinadi. Lekin ularning ham mavjud navlarini emas, balki aynan Orolbo‘yi mintaqasiga moslashtirilgan navlaridan foydalanilsagina, iqtisodiy foyda haqida gapirish mumkin. Demak, hozirda qiladigan ishimiz sho‘rga chidamli o‘simliklar ustida fundamental tadqiqotlarni olib borish, uning natijalarini amaliyotga tatbiq etishdir.
– Yaponiya hukumati tomonidan ajratilgan grant haqida ma’lumot bersangiz.
– 2019 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi davlat rahbarining Yaponiyaga tashrifi bizning loyihamizga e’tiborni orttirdi. Ushbu dasturni yaratish ustida qariyb uch yil ishladik.
U Yaponiya Fan va texnologiyalar agentligi hamda Yaponiyaning 11 ta universiteti tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Bu juda ham nufuzli grant dasturi bo‘lib, albatta, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ma’lum ustuvorliklar beriladi. Ammo O‘zbekistonga Yaponiyada rivojlangan mamlakat sifatida qaralmasligi bu dastur bo‘yicha grantni qo‘lga kiritishda rivojlangan mamlakatlar bilan bir maqomda kurashishimizga to‘g‘ri keldi. Bu dastur turli sohalardagi fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashi ham ahamiyatga molik.
Orol dengizi muammosi uzoq vaqtdan beri mavjud, so‘nggi yillarda milliy va mintaqaviy chegaralar doirasidan chiqib ketdi. Chunki ko‘plab kontinental ko‘llar, deylik Kongo, Eron, Italiyada ham bu kabi holatlar takrorlanishi xavfi mavjud. BMT Bosh assambleyasi Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyani qabul qilarkan, Orol dengizi havzasi muammolarining yechimini boshqa davlatlardagi shu kabi muammolarni yechishga joriy etish imkoniyatini ham nazarda tutadi.
– Orol dengizi muammosiga qaratilgan loyihalarning sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Siz ishtirok etayotgan dastur iz qoldirmaydigan loyihalardan bo‘lmasligiga kafolat bormi?
– Siz atayotgan loyihalarning aksariyati donorlik dasturlaridir. Donorlik dasturlari ham kerak, ammo bundan loyihalar o‘z maqsadlari bilan keladi va shu maqsadga erishganidan keyin yakun topadi.
“SATREPS” esa besh yillik yirik loyiha bo‘lib, u fundamental izlanishlar, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish, xususiy sektor manfaatlarini bir-biriga bog‘lashga qaratilgan. Yaponiyalik olimlar bunda o‘zbekistonlik olimlar bilan hamjihatlikda ishlaydi, olingan bilimlarning bari O‘zbekistonda qoladi va amaliyotga joriy etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, ikki davlat – Yaponiya va O‘zbekiston o‘z ilmiy salohiyati va inson kapitalini hamkorlikda rivojlantiradi. Yaponiyaning 11 ta eng yetakchi universitetlari olimlari hozirda shu loyihaga o‘z hissalarini qo‘shishga bel bog‘lashgan. O‘z navbatida, Innovatsion rivojlanish vazirligi ham bu ishlarga bosh qosh bo‘ladi.
Ushbu loyiha iqlim o‘zgarishini kuzatish markazini tashkil etishni, meteorologik monitoringni o‘tkazishni, shuningdek, Orol dengizi hududida suv ta’minoti cheklangan sharoitda mahalliy jamoatchiliklarning farovonlik darajasini ko‘tarish va yerlarning hosildorligini oshirish maqsadida sho‘rlanish bilan kurashish uchun qishloq xo‘jaligida yangi texnologiyalarni joriy etishni ko‘zda tutadi.
Loyiha O‘zbekistonda, xususan, Qoraqalpog‘istonda sho‘rlanish darajasi yuqori bo‘lgan sharoitlarda meteorologik kuzatuvlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri prognozlash bilan bir qatorda innovatsion qishloq xo‘jaligi texnikalarini yaratish va sinovdan o‘tkazishga qaratilgan.
Ushbu loyihani amalga oshirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini topishga va sho‘rlanish muammolari va daryolarning quyi oqimlarida suv resurslaridan foydalanish imkoniyati mavjudligini hal qilishga qaratilgan.
O‘zbekistondagi tadqiqot guruhlari faoliyatini moliyalashtirish O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Nazokat Abduqunduzova suhbatlashdi