Orolboʻyi ahaolisiga murojaat
Bugungi kunda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jahon xalqlarini, jumladan, yurtdoshlarimizni katta xavotirga solayotgan dolzarb muammo – koronavirus pandemiyasi keng tarqalishining oldini olish, xalqimizning xushyorligi va masʼuliyatini kuchaytirish, yuqumli infeksiyaga qarshi kurashishda shifokor va tegishli mutaxassislarning tavsiyalariga amal qilgan holda shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga rioya qilib, birdamlik bilan choralar koʻrishga chaqirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi aholiga Murojaat yoʻlladi.
Murojaaatda jumladan shunday deyiladi:
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 18-mart kuni boʻlib oʻtgan mahalla va oila masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida bu yuqumli infeksiyaning keng tarqalishining oldini olish, xalqimizning hushyorligi va masʼuliyatini kuchaytirish masalasiga alohida toʻxtalib, bugungi kunda kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarga eʼtiborimizni qaratdi.
Shuni alohida taʼkidlash joiz, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan shu yilning 19-mart kuni “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonining qabul qilinishi keng koʻlamli amaliy ishlarga mustahkam asos boʻlmoqda.
Farmonning har bir bandi turli soha vakillari, jumladan, shifokorlar, pedagoglar, tadbirkor va fermerlar, ishlab chiqarish subyektlari, turizm sohasi vakillari va boshqa tarmoqlarning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan kafolatlarni oʻz ichiga olganligi bilan ahamiyatlidir. 29 banddan iborat bu hujjatda makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni ragʻbatlantirish, aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish borasida aniq, maqsadli va tizimli chora-tadbirlar belgilangan.
Jumladan, aholining bandligini taʼminlash, koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan, shuningdek, 14 yoshgacha bolasi boʻlgan ota-onalar uchun imtiyozlar berish, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar sonini yana-da oshirish, zarur boʻlgan dori-darmonlar va tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlarida ishtirok etayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish nazarda tutilgan. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi kapitallashuvini 500 milliard soʻmgacha oshirish, aholiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni taqdim etishning soddalashtirilgan tizimini tashkil etish, tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga jarimalar qoʻllashni, shuningdek, ayrim soliq turlari boʻyicha penyalar hisoblanishini toʻxtatib turish va boshqa bir qator muhim vazifalar belgilangan.
Eng asosiysi, hech bir davlat tajribasida uchramagan bu tarixiy hujjatning qabul qilinishi iqtisodiyotimiz barqarorligini saqlab qolishda muhim oʻrin egallaydi hamda yurtimizning hech bir fuqarosi oʻz holiga tashlab qoʻyilmasligini, davlatimizning insonparvarlik siyosati amalda ekanini yana bir karra isbotlaydi. Albatta, bularning barchasi yurtimizda eng bebaho boylik boʻlgan inson salomatligini himoya qilish, koronavirus infeksiyasidan qisqa vaqt ichida qutilish, aholining hayot farovonligini barqaror ushlab turish singari ezgu maqsadlarni oʻzida mujassam etgan.
Bugungi kunda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Infeksiya tarqalishining oldini olish boʻyicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash maqsadida tuzilgan maxsus komissiya hamda tashkil etilgan shtab tomonidan bugungi kundagi holat muntazam nazorat qilib borilmoqda.
Sogʻliqni saqlash muassasalari, jumladan, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining imoratlari va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bozorlarda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va dorixonalardagi sanitariya-gigiyenik vositalarining narxlari oshib ketishining oldini olish borasida aniq choralar koʻrilmoqda.
Maxsus 34 otryad tomonidan har kuni 2 mingdan ortiq yoʻlovchi tashuvchi transportlar dezinfeksiya qilinmoqda. Bundan tashqari, bugungi kunda aholi koʻp yigʻiladigan mingdan ziyod joylar dezinfeksiya qilib borilmoqda. Infeksiyaning oldini olish maqsadida 500 oʻrinli karantin obyektlari tashkil etilib, karantinda saqlanuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida mahalliy byudjetdan tegishli mablagʻlar ajratildi va zarur inventarlar bilan toʻliq taʼminlandi. Bu oʻz navbatida koronavirus pandemiyasi keng tarqalishining oldini olishga va unga qarshi kurashishga barcha imkoniyatlarimiz mavjud ekanidan dalolatdir.
Muhtaram Prezidentimiz xalqimizga yoʻllagan Murojaatida “Bu hayotning koʻp ogʻir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini toʻgʻri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda. Muftiyat rahbarligida diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda. Millati, tili va dinidan qatʼi nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, oʻtib ketadi” deya taʼkidladi.
Darhaqiqat, koronavirus tarqalishining oldini olish va aholiga qulay sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar insonlarning xavotirlanishiga, vahimaga tushishiga hech qanday asos yoʻqligini anglatadi. Shu bois, butun dunyo boʻylab keng quloch yoygan bu yuqumli infeksiyaga qarshi kurashishda shifokor va tegishli mutaxassislarning tavsiyalariga amal qilgan holda shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga rioya qilib, birdamlik bilan choralar koʻrishga chaqiramiz!
Dunyo jamoatchiligini xavotirga solayotgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish boʻyicha yurtimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga munosib hissamizni qoʻshaylik! Koʻpni koʻrgan xalqimiz yana-da jipslashib, ahil va hamjihat boʻlib, bu sinovni ham yengib oʻtishiga qatʼiy ishonamiz!