Orol muammosidan so‘zlovchi ko‘rgazma
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Ko‘rgazmalar saroyida Amerikaning “Apexart” jamg‘armasi tomonidan Orol muammosiga bag‘ishlangan “Biz dengiz o‘tlari edik” nomli badiiy ko‘rgazma tashkil etildi.
Ko‘rgazmada Orolbo‘yi muammosiga e’tibor qaratgan Qozog‘iston Respublikasidan Aleksandr Ugay, germaniyalik Lena Pozdnyakova va Eldar Tagi, Buyuk Britaniya davlatidan Liliya Bakanova hamda hamyurtimiz Saodat Ismoilovaning ijodiy ishlari namoyishga qo‘yilgan. Ushbu asarlarda Orol dengizi tarixi va uning bugungi kundagi holati ijodiy qarashlarda aks etgan.
Qozog‘istonlik rassom Aleksandr Ugay Mo‘ynoq tumani hududi tabiatida paydo bo‘lgan salbiy holatni, chang-to‘zonlarning ko‘tarilishini “Kamera-obskura” uskunasi yordamida tasvirlab bergan.
[gallery-21783]
Germaniyalik Lena Pozdnyakova va Eldar Tagi hududdagi holatni, dengiz suvining shivirlashini, shamol esishi va o‘simliklar tebranishidagi tovushlarni maxsus materiallar yordamida aks ettirgan.
Angliya ijodkori Liliya Bakanova Orol dengizi va uning atrofidagi hayotni ipdan to‘qilgan haykal yordamida tasvirlagan.
Asli o‘zbekistonlik, hozirda Fransiyada yashayotgan ijodkor Saodat Ismoilova esa ko‘rgazma ishtirokchilariga “Ko‘rinmas dengizdagi baliq ovi” deb nomlangan hujjatli filmini taqdim etgan. Ushbu filmda Orol dengizi bo‘yida yashayotgan mo‘ynoqlik baliqchilarning suv tanqisligi tufayli yuzaga kelgan og‘ir turmush sharoiti haqida hikoya qilinadi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA