Orol muammosi nafaqat Qoraqalpog‘iston yoki O‘zbekistonning, balki butun mintaqa uchun muhim masaladir. Shuning uchun ham qurigan dengiz tubini yashillashtirish, suv havzalarini ochish va oqibatlarni yumshatish bugunning dolzarb masalasidir.
Orolbo‘yida ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish, dengiz qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish borasidagi ishlar to‘xtagani yo‘q.
Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplama”lar barpo etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida yerlarni o‘zlashtirish, yer maydonlarini tomchilatib sug‘orish tizimini yaratish, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlarini amalga oshirish ishlariga Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi shaxsiy tarkibi ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Xususan, Orolbo‘yida qum ko‘chkilarini mustahkamlash, Orolning qurigan qismidan havoga zaharli aerozol changlari ko‘tarilishini kamaytirish, cho‘l sharoitiga chidamli va ozuqa o‘simliklari ko‘chatlarini yetishtirish, dengizning qurigan qismini daraxtzor va butazorlarga aylantirish yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirildi.
So‘nggi yillar davomida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va boshqa idoralar bilan hamkorlikda Orol dengizining suvi qurigan hududlarida jami 1 million 769 ming ga. maydonda o‘rmon-melioratsiya ishlari amalga oshirilib, 1 million 244 ming ga. maydonga aviatsiya, 405 ming ga. maydonga maxsus texnikalar, 19,4 ming ga. maydonga deltaplan yordamida cho‘l o‘simliklari urug‘lari, 90 ming ga. maydonga turli xil ko‘chatlar ekilgan.
Bugunga qadar 403 nafar mutaxassis-ishchi hamda 136 ta burg‘ulash va boshqa maxsus texnika Qoraqalpog‘iston Respublikasining aholi va chorva uchun ichimlik suvi hamda oqar suv tanqis bo‘lgan hududlariga safarbar etilgan. Mazkur kuch-vositalar yordamida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Bo‘zatov, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlaridagi 41 ta aholi punktida burg‘ulash orqali quduq qazish ishlari tashkil etildi. 26 ta ovul fuqarolar yig‘inlari hududidagi 103 ta nuqtada 15-500 metr chuqurlikdagi quduqlarni burg‘ulash ishlari natijasida mahalliy aholi ta’minoti hamda Orolbo‘yi hududini ko‘kalamzorlashtirish uchun 177 ta artizan quduqlari tayyorlanib, 10 mingdan ortiq aholi kafolatlangan suv manbai bilan ta’minlangan.
Joriy yilda ham Orol dengizining suvi qurigan hududlarida “Yashil qoplamalar” himoya o‘rmonzorlarini barpo qilish qilish bo‘yicha jami 100 ming ga. reja qilingan. Bu borada keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva tayyorladi, O‘zA