
Munosabat
Davlatimiz rahbarining Samarqand xalqaro iqlim forumidagi nutqi keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Jumladan, unda Amudaryo va Sirdaryoda suv oqimi kamayishi natijasida 2040 yilga borib Markaziy Osiyo mamlakatlari yuqori darajadagi suv taqchilligiga duch kelishi va allaqachon insoniyatning eng yirik fojialaridan biri – Orol dengizi qurishi oqibatlarini boshdan kechirayotganini keltirib o‘tdi.
Bugungi kunda davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida ushbu muammolarga yechim topish maqsadida suv resurslarini tejash bo‘yicha irrigatsiya tizimlari betonlashtirilmoqda. Suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat bazasi yaratilib, sug‘oriladigan yerlarning deyarli yarmida ana shunday texnologiyalar joriy etildi. Bunday chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yili 8 milliard metr kub suv tejalishiga erishildi.
Mamlakatimiz bo‘ylab “Yashil makon” dasturi doirasida har yili 200 million tup nihol ekilmoqda. O‘tgan uch yilda 698 ta bog‘ va 316 ta jamoat parki tashkil etildi. Orol dengizining qurigan tubida qariyb ikki million gektarli butazor barpo etildi. Bundan keyin ham ijobiy ishlar davom ettiriladi.
Prezidentimiz Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va bu sohada mintaqaviy dasturni ishga tushirishga chaqirishi, ushbu muammoni jahon miqyosida hamkorlikda yechimi bor ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, Orol madaniyat sammiti – Orol dengizi mintaqasidagi ekologiya, madaniyat va barqaror rivojlanish bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qilish maqsadida san’at, fan va jamoat harakatlari vakillarini birlashtiruvchi anjuman hisoblanadi. Sammit turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar va ijodkorlarni bir joyga to‘plab, ularga g‘oya almashish, hamkorlik strategiyalarini ishlab chiqish va innovatsion loyihalarni taqdim etish imkoniyatini yaratadi.
Orol madaniyati sammiti Orolbo‘yi mintaqasini san’at, madaniyat, dizayn va ilm-fan orqali ijtimoiy va ekologik jihatdan o‘zgartirishga qaratilgan yangi loyihadir. Shuningdek, sammit Orol dengizi ekotizimini asrab-avaylash, shuningdek, mahalliy madaniyatni xalqaro maydonda ommalashtirish bo‘yicha yangi strategiyalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha Orolbo‘yi mintaqasi va dunyoning boshqa mintaqalarida yuzaga kelgan ekologik muammolarni muhokama qilish, oqilona yechimlarni taqdim etish uchun global platforma yaratish va ushbu muammolarni hal etishda fanlararo yondashuvlarni rivojlantirish ko‘zda tutilganligi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, iqlim sharoitimizga mos qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘rganishga ixtisoslashgan laboratoriya platformasi yaratilib, uni ushbu yo‘nalishda amalga oshiradigan ilmiy tadqiqotlarning o‘quv-amaliy maydoniga aylantirish rejalashtirilganligini qayd etish joiz.
Orol madaniyati sammiti mintaqaning ekologik va madaniy muammolariga e’tiborni jalb qilishda ahamiyatli bo‘lib, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shadi, ijodkorlarni yechimlar topishga ilhomlantiradi. Eng muhimi, Orol dengizini va mahalliy jamoalarning madaniy merosini asrab-avaylashdan manfaatdor bo‘lgan odamlarni birlashtiradi.
Xalilla Yeshimbetov,
O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari.
O‘zA