Orol havzasida suv xavfsizligi: Raqamlar va strategik yechimlar tahlili
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekistonda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga batafsil to‘xtalib, sohaga oid muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Gulchehra Tojiboyeva o‘z munosabatini bildirdi:
— Markaziy Osiyoda ekologik muammolar, ayniqsa, Orol dengizi bilan bog‘liq vaziyat yillar davomida mintaqaning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib kelmoqda. Bu muammo faqat tabiatga emas, balki millionlab insonlar hayoti, iqtisodiyot va ijtimoiy barqarorlikka ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashidagi chiqishi muhim siyosiy va amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ushbu yondashuvning eng muhim jihati — muammolarni aniq raqamlar va dalillar asosida baholash va yechimlarni ham shu asosda taklif etish. Xususan, ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, 2040-yilga borib Orol dengizi havzasida suv tanqisligi deyarli ikki barobarga oshib, yiliga 20 milliard kub metrga yetishi mumkin. Bu esa ichimlik suvi ta’minotidan tortib qishloq xo‘jaligi va energetikagacha bo‘lgan barcha sohalarga jiddiy bosim o‘tkazadi.
Shu bilan birga, hozirgi kunda suv resurslaridan foydalanish samaradorligi ham yetarli emas. Masalan, qishloq xo‘jaligida 1 dollar qo‘shilgan qiymat yaratish uchun o‘rtacha 3 kub metr suv sarflanmoqda, bu esa jahon ko‘rsatkichlaridan qariyb ikki barobar yuqori.
So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar esa ijobiy natijalarni ko‘rsatmoqda: sug‘oriladigan yerlarning 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi, irrigatsiya tarmoqlarini betonlash darajasi 40 foizga yetkazildi, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish orqali energiya sarfi 30 foizga qisqartirildi, har yili 10 milliard kub metrdan ortiq suv tejalmoqda, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 15 milliard kub metrga yetkazish rejalashtirilgan. Bu raqamlar suv resurslarini boshqarishda tizimli yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Masalan, Orol dengizi havzasi bo‘yicha to‘rtinchi dastur doirasida 34 ta mintaqaviy loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Biroq ularning samaradorligini baholash bo‘yicha yagona mexanizm mavjud emasligi bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi.
Shu sababli jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish, uning institutsional salohiyatini kuchaytirish va moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish muhim vazifaga aylanmoqda. Xususan, xalqaro moliyaviy resurslarni jalb qilish, investitsiyalarni maqsadli yo‘naltirish va nazoratni kuchaytirish orqali amaliy natijadorlikka erishish mumkin.
Yana bir muhim jihat — ekologik muammolarning transchegaraviy xususiyatidir. Suv, havo va yer resurslari bir necha davlat hududi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ularni boshqarish ham umumiy yondashuvni talab etadi. Shu bois mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, barcha davlatlarni, jumladan, Afg‘onistonni ham jarayonga jalb etish strategik ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, jamiyatda suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish ham muhim vazifadir. Agar aholi va xo‘jalik sub’ektlari suvni tejashga mas’uliyat bilan yondashmasa, hatto eng zamonaviy texnologiyalar ham kutilgan samarani bermasligi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, ilgari surilgan tashabbuslar Markaziy Osiyoda ekologik va suv resurslarini boshqarish sohasida yangi bosqichni boshlab bermoqda. Eng muhimi, bu jarayonda aniq raqamlar, real maqsadlar va amaliy yechimlar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Agar mazkur chora-tadbirlar izchil amalga oshirilsa, Orol muammosini yumshatish, suv tanqisligini kamaytirish va mintaqada barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida sezilarli natijalarga erishiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA