FOTOREPORTAJ
Orol dengizi o‘tmishda dunyodagi eng yirik suv havzalaridan biri bo‘lgan bo‘lib, Kaspiy dengizi, Shimoliy Amerikadagi Yuqori ko‘l va Afrikadagi Viktoriya ko‘lidan keyingi to‘rtinchi o‘rinda turgan. Bir paytlar qirg‘oqlariga sig‘may hayqirgan dengiz o‘tgan XX asrning oxirlarida qurishni boshladi. Hozir dengiz o‘rnida Orolqum sahrosi paydo bo‘lgan.
Orol fojiasining asl ko‘rinishi Mo‘ynoqdagi zanglagan kemalarda aks etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2000 yillar boshlarigacha dengizning qurib qolgan maydonlarida 300 ga yaqin kemalar bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi chiqindi temir-tersak sifatida yo‘q qilingan. “Kemalar qabristoni” – “Ochiq osmon ostidagi kemalar muzeyi majmuasi”da bugun 15 ga yaqin kema ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Orol dengizi tarixi va uning bugungi holati bilan yaqindan tanishish istagida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga kelgan mahalliy va chet ellik sayyohlar albatta “Ochiq osmon ostidagi kemalar muzeyi majmuasi”ga tashrif buyuradi.
Davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan 2019 yilda “Ochiq osmon ostidagi kemalar muzeyi majmuasi”da keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Majmua hududida sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi “Mo‘ynoq tur” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Milliy o‘tovlar kempingi, ovqatlanish va dam olish o‘rinlari tashkil etilgan. Hududda Orol dengizi tarixi muzeyi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, keng jamoatchilik e’tiborini tortish va yanada qiziqtirish maqsadida majmua yonida “Stixiya” nomli elektron musiqa festivali va “Ralli Mo‘ynoq” avtopoyga musobaqasi dasturiy tarzda o‘tkazib boriladi.
[gallery-3337]
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA