Vatanimiz tarixidagi 7 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1732 yil (bundan 292 yil oldin) – O‘rta Osiyo xaritasini tuzgan yunon sayyohi va kartografi Vasilio Vatache Londonga borib ushbu xaritani Qirollik geografiya jamiyatiga topshirdi.
Tarixchi Feruza Rustamovaning qayd etishicha, sayohatchi Badaxshon konlaridan topilgan va Buxoro xonidan sotib olgan ikkita qimmatbaho tosh, birinchisi 830 karatlik, ikkinchisi 870 karatlik la’l toshini ham taqdim etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya podshosi shu qimmatbaho toshlar uchun 7 ming funt sterling berishni taklif qilgan. Lekin sayohatchi rozi bo‘lmagan.
Jamiyat kotibi Didechi sovg‘a uchun sayyohga minnatdorchilik bildirib, unga Rossiya podshosi taklif etgan narxdagi mablag‘ to‘lanishini aytadi. O‘sha yilning o‘zida Vasilio Vatache taqdim etgan xarita mutaxassisga o‘rganib chiqish uchun topshiriladi, keyin esa Qirollik geografiya jamiyatining kartograf olimi Djon Seneks tomonidan nashr ettiriladi. Ushbu xarita O‘rta Osiyoning Buyuk Britaniyada nashr etilgan birinchi xaritasi bo‘ldi.
Sayohatchi Vasilio Vatachening Yevropa ilm-fani oldida kilgan asosiy kashfiyoti shu ediki, u O‘rta Osiyoda Orol dengizining mavjudligini Yevropaga birinchi bor tanitdi. Ungacha Orol dengizi ham Kaspiy dengizining bir kismi yoki ko‘rfazi deb hisoblangan. U Orol dengizini uch marta piyoda aylanib chiqib, uni o‘z xaritasiga tushirgan.
1855 yil (bundan 169 yil oldin) –turkiyshunos, etnograf va folklorshunos Abubakr Divayev tavallud topdi (vafoti 1933 yil). Uning asarlari Turkiston xalqlarining moddiy va ma’naviy madaniyatini o‘rganishda muhim rol o‘ynaydi.
1878 yil (bundan 146 yil oldin) – tarixchi I.Botirovning qayd etishicha, Toshkentdan Kobulga ketayotgan Rossiyaning Afg‘onistondagi vakili yigirma besh yoshli geograf, etnograf va shifokor Ivan Yavorskiy Eski Termiz xarobalarini ko‘rib, u haqda kizikarli ma’lumotlarni yozib koldirdi.
Uning yozishicha, “...Pattakesar kechuvidan 5–6 vyorst uzoqlikda Eski Termiz xarobalari yastanib yotadi. Juda katta hududdagi yer pishgan g‘ishtlarning siniq bo‘laklari bilan qoplangan. Bir joyda balandligi 5–7 sajin keladigan pishgan g‘ishtdan qurilgan minora turibdi. Minora aylanasi bo‘ylab pishgan g‘ishtlardan foydalanib kufiy uslubida yozilgan yozuvlar bor. Minoraning yuqori qismi xarob bo‘lgan, undan nariroqda esa g‘ishtdan qilingan juda ko‘p binolarning xarobalari bor. Ko‘pgina g‘isht siniqlari ustida koshinli qoplama mavjud. Ushbu xarobalar joyi Haybar deb ataladi”.
1912 yil (bundan 142 yil oldin) – Buxoro jadidlari tomonidan o‘zbek tilida chiqarilgan “Turon” gazetasining 6 dekabr sonidagi “Turkiston xabarlari” ruknida “Duqtur xotinlar” sarlavhasi ostida maqola bosildi. Unda Turkiston mintaqasida ishlayotgan ayol vrachlarning nafaqaga chiqishlari bilan bog‘liq qonun loyihasi qabul qilinganligi haqida so‘z boradi. Tarixchi M.Orziyevning qayd etishicha, maqolada qishloqlarda ishlayotgan ayol shifokorlar 55 yoshdan, shaharlarda faoliyat yuritayotgan ayol shifokorlar 60 yoshdan nafaqaga chiqishlari mumkinligi qayd etiladi.
1913 yil (bundan 111 yil oldin) – opera xonandasi, o‘zbek xonandalik san’atining yirik namoyandasi, O‘zbekiston xalq artisti Halima Nosirova tavallud topdi (vafoti 2003 yil). U 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
1921 yil (bundan 103 yil oldin) – Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi huzurida Oktyabr inqilobi va kommunistik partiya tarixi materiallarini yig‘ish va o‘rganish bo‘yicha maxsus tadqiqot komissiyasi tuzildi. U 20-yillar davomida Turkistonda fuqarolar urushi tarixini o‘rganish bo‘yicha asosiy ilmiy tadqiqot markazi sifatida faoliyat olib bordi.
1960 yil (bundan 64 yil oldin) – Janubiy Mirzacho‘l kanalining birinchi navbati ishga tushurildi. Bu kanalning to‘liq ochilishi shu yilning 25 dekabrida bo‘ldi.
1984 yil (bundan 40 yil oldin) – Toshkent metropolitenining “Alisher Navoiy” bekati ishga tushirildi. Mazkur metro bekati badiiy bezak uslubi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Unda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning insonparvarlik g‘oyalariga tayangan holda o‘lmas “Xamsa” dostonlari qahramonlari qiyofasi aks ettirilgan.
1990 yil (bundan 34 yil oldin) – Hamza nomidagi O‘zbek davlat akademik drama teatri(hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri)da S.Sirojiddinov qalamiga mansub, rejissyor R.Hamidov tomonidan sahnalashtirilgan «To‘maris» spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi.
1994 yil (bundan 30 yil oldin) – Nyu-Yorkda O‘zbekiston Respublikasi bilan Maldiv Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatish haqidagi Kommyunike imzolandi.
2001 yil (bundan 23 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg‘alanishi to‘g‘risida”, “Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi.
2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Grigoriy Ulkoning “Samarqandiya” deb nomlangan retrospektiv ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmaga “Shohi Zinda”, “Bibixonim”, “Afrosiyob”, “Samarqand. Oy”, “Samarqandda tong”, “Sherdor”, “Registon” kabi asarlar qo‘yilgan.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA