So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’limga oid davlat islohotlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, davlatimiz rahbarining farmoniga asosan, oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi.
Mazkur konsepsiya doirasida yoshlarni oliy ta’limga qamrov darajasini oshirish va nodavlat oliy ta’lim muassasalarini tashkil etish bo‘yicha alohida vazifalar belgilab olindi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 66 ta xususiy universitetlar, 30 ta xorijiy universitetlar hamda 120 dan ortiq davlat, 96 ta nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari faoliyat olib bormoqda.
Shunday nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan biri – Oriyental universiteti birinchilardan bo‘lib 2021 yil tashkil etildi. Universitetda bugungi kunda 14 ta bakalavriat yo‘nalishi va 5 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 10 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Har yili universitet ta’sischilari tomonidan iqtidorli va ijtimoiy himoyaga muhtoj 20 nafar talabaga universitet grantlari ajratiladi.
Universitet strategik rejasiga ko‘ra, 2030 yilda mintaqada nufuzli universitetlar reytingiga kirish maqsad qilingan. Hozirgi paytda esa Oriyental universiteti respublikamizdagi nodavlat oliy ta’lim muassasalari ichida TOP 10 talikdan munosib o‘rin egallab kelmoqda. Universitetda zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish maqsadida bugungi kunga qadar jahon reytingida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan 10 ta universitetlar bilan ilmiy-tadqiqot, o‘quv-uslubiy va madaniy aloqalar o‘rnatilgan.
Jumladan, Turkiya davlatining Nejmittin Erbakan, Karabuk, Kafkas, Anqara universitetlari, Janubiy Koreya Respublikasining Seojong universiteti, Latviya Respublikasining Latviya fan va texnologiyalar universiteti, Qozog‘iston Respublikasining Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti, Polsha davlatining VSB universiteti bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan.
Shuningdek, 2023 yildan Janubiy Koreyaning Seojong universiteti bilan imzolangan memorandum doirasida 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Joriy yilda mazkur dastur bo‘yicha talabalar qabuli amalga oshirildi. Shu bilan bir qatorda Janubiy Koreya Respublikasi Duksong ayollar universiteti bilan ham anglashuv memorandumi imzolandi.
Oriyental universiteti hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishi bo‘yicha TOP-1000 talikka kirgan Malayziyadagi Terengganu (UMT), Sulton Zaynal Abidin (UNISZA) va TOP-500 talikka kirgan Utara (UUM) kabi universitetlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi va memorandumlar imzolandi.
Mazkur memorandumlar asosida Terengganu (UMT) universiteti bilan quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalari belgilab olindi. Xususan, talabalarning akademik mobilligini ta’minlash, 2+2 hamda 1+3 qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, universitet professor-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli, maqsadli kurslarni joriy etish hamda o‘zaro tasdiqlangan mavzular doirasida ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish kabi yo‘nalishlar belgilab olindi.
Sulton Zaynal Abidin (UNISZA) universiteti bilan esa hozirgi kunda eng muhim sohalardan biri bo‘lgan turizm yo‘nalishida o‘quv dasturlarini takomillashtirish va ikki universitet o‘rtasida talabalar almashinuvi bo‘yicha hamkorlik qilish borasida kelishib olindi. Safar davomida Oriyental universiteti rahbariyati hamda Malayziyaning Utara universiteti Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i doktor Arfa Abu Bakar bilan uchrashuv tashkil etildi. O‘tkazilgan muzokaralar jarayonida ikki universitet o‘rtasida o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida quyidagi yo‘nalishlarda, jumladan, talabalarning akademik mobilligini ta’minlash, kreditlar transferi, faundeyshn kurslarini tashkil etish, o‘zaro tasdiqlangan mavzular doirasida ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish, iqtidorli talabalarning Utara universitetida bir semestr davomida bepul ta’lim olishlari borasida o‘zaro hamkorlik aloqalari belgilab olindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA