O‘rim-yig‘im ishlari davom etmoqda
“G‘alla – 2026”
Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida 2026-yilgi g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Yetishtirilgan hosilni o‘z muddatida yig‘ib olish, bunda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish, shuningdek, g‘allani daladan omborga sifatli yetkazib berish, eng asosiysi mavsumni yuqori saviyada, uyushqoqlik bilan o‘tkazishning barcha choralari ko‘rildi.
Amudaryo tumanda 2026-yil hosili uchun 256 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 4 ming 800 gektar maydonga g‘alla ekilib, ushbu maydonlardan jami 12 ming 222 tonna bug‘doy yetishtirish rejalashtirilgan. Mazkur maydonlarda yuqori hosildorlikka erishish maqsadida oziqlantirilish ishlari o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirildi. Zararkunanda va hasharotlarga qarshi kurashish uchun biolaboratoriyalarning ishlab chiqargan mahsulotlarining dalaga chiqarishini nazorat qilindi.
Shuningdek, tuproq unumdorligini oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida mahalliy organik o‘g‘it – chiritilgan go‘ng chiqarish gektariga 3-5 tonnadan va uni dalalarga tarqatish ishlari ham tizimli ravishda monitoring qilib boriladi. Natijada barcha dalalarda mo‘l g‘alla hosili to‘plandi.
– Har yili shartnomaviy rejamizni tumanda birinchilardan bo‘lib bajarib kelmoqdamiz. Bu yil ham 11 gektar maydonga ekilgan bug‘doydan yuqori hosil olishni rejalashtiryapmiz. G‘alladan bo‘shagan maydonlarga ikkinchi ekin sifatida mosh, sabzi va kartoshka ekiladi, – deydi “O‘rozboyev Dostonbek” fermer xo‘jaligi rahbari Ruslan Aytboyev.
[gallery-29861]
Tumandagi boshqa fermer xo‘jaliklarida ham g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.