“Orient keramik”: sifatli va ishonchli mahsulotdan yangi loyihalar sari
“Orient keramik” mas’uliyati cheklangan jamiyati keramik plitka ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. 2019 yil iyul oyida faoliyatini boshlagan ushbu korxona qisqa muddatda nafaqat ichki bozor, balki tashqi bozorda ham o‘z o‘rnini egallamoqda.
E’tiborlisi, korxonada ishlab chiqarilayotgan keramik plitkalar bugungi talablarga mos, sifatli va zamonaviy uslublar uyg‘unligi bilan xaridorgir. Bugun “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va “O‘zsanoatqurilishbank” ATB hamkorligida tashkil etilgan press-turda bir guruh jurnalistlar ushbu korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ular bu yerdagi qizg‘in ish jarayonini kuzatdi va ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi.
Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi sanoat zonasida joylashgan “Orient keramik” MCHJ 3,6 gektar hududni o‘z ichiga oladi. bugungi talablar asosida bunyod etilgan ushbu korxona zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Ishtirokchilarga “Orient keramik” MCHJ direktori o‘rinbosari Azizbek Jilonov hamrohlik qilib, mahsulot ishlab chiqarishning boshlang‘ich bosqichidan to yakunigacha bo‘lgan jarayonlarni ko‘rsatdi va ma’lumotlar berdi. Azizbek Jilonovning ta’kidlashicha, keramik plitkalar ishlab chiqarishda dastlab mahalliy xomashyoga press poroshok bo‘limida ishlov berilib, keyingi jarayonlarga o‘tkaziladi. Keramik plitka shakliga keltirilgan mahsulotlar 1100 haroratda pishirilib, so‘ngra printer bo‘limida gul solinadi. Aynan shu bo‘limda ishchilar mahsulotlar sifatini qattiq nazorat qilib boradi. Mahsulot sifatli bo‘lsa, keyingi bo‘limga o‘tkaziladi.
Sifatsizlari esa yana qayta ishlovga beriladi. Korxonaning har bir bo‘limi faoliyatini o‘rganish chog‘ida bu yerda mehnat qilayotgan ishchilar bilan tanishish va qisqa muddatga bo‘lsa-da, ular bilan suhbatlashdik. Ulardan biri – Keramik mahsulotlar pishirish pechi ishchisi Azimjon Obidjonov. Suhbat chog‘ida Azimjon ikki yildan buyon ushbu bo‘limda ishlashi va o‘z ishini juda yaxshi ko‘rishini ta’kidladi. – Korxonada ish to‘rt smenada tashkil qilingan. Men uchinchisida ishlayman. Mehnatimizga to‘lanayotgan ish haqi meni qanoatlantiradi. Kelgusida keramik mahsulotlar yo‘nalishida bilimimni boyitish, izlanish borasida katta maqsadlarni orzu qilaman, – dedi Azimjon Obidjonov.
Ahamiyatlisi, korxonadagi ish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan, bu yerda ishchilar asosan mahsulotlar tayyorlash jarayonini kuzatish va nazorat qilish bilan mashg‘ul bo‘lar ekan. A.Jilonov korxonaning bugungi va kelgusi rejalari xususida intervyu berdi. – Hozirgi kunda korxonaning ishlab chiqarish yillik quvvati 3 million kvadrat metrga teng, – dedi A.Jilonov. – Kunlik 10 ming kvadrat metrga to‘g‘ri keladi. Biz devor va pol uchun olti turdagi keramik mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Mahsulotlarni ishlab chiqarishda yuz foiz mahalliy xomashyodan foydalanamiz. Mahsulotlarimiz xorijdan import qilinayotgan mahsulotlarga bemalol raqobatlasha oladi. Mamlakatimizda 10 ga yaqin ana shunday korxonalar faoliyat ko‘rsatadi. Bu esa mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qilyapti. Kelgusi rejalar haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, keramik granit mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish harakatidamiz. Bu loyihamiz keyingi yilning uchinchi choragida ishga tushirilishi mo‘ljallangan.
[gallery-4698]
Hozirgi kunda mahsulotlarimizning 60 foizi mahalliy bozolar, 40 foizi qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda. Afg‘onistonlik xaridorlar korxonamizga kelib, mahsulotimizga katta qiziqish bildirdi. Press-turda ma’lumot berilganidek, umumiy qiymati qariyb 14 million dollarni tashkil etgan korxonaning bugungi faoliyati katta yutuqlar va rejalar bilan yanada mustahkamlanib bormoqda. 200 nafardan ortiq ishchi va mutaxassis mehnat qilayotgan jamoada ahillik, birdamlik va shijoat yangi loyihalar ustida ishlashga turtki bo‘lmoqda. Sifati xorijnikidan qolishmaydigan korxona mahsulotlari esa allaqachon yurtimiz va qo‘shni mamlakatlar xaridorlari tiliga tushib ulgurgani ushbu jamoaga katta kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi matbuot xizmatidan ma’lum qilishicha, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida korxonalar tomonidan 43 million dollarlik keramik plitkalar eksport qilingan. Bunda “Prime ceramics” MCHJ, “Moderna ceramic industries Fergana” MCHJlar qatorida “Orient-ceramic” MCHJ ning ko‘rsatkichlar ham yuqoridir.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA