O‘rganishlar davomida aniqlangan muammolar bartaraf etilmoqda
Respublika idoralararo ishchi guruhining Jizzax viloyatidagi o‘rganish ishlari davomida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i, polkovnik Baxtiyor Berdialiyev Sharof Rashidov tumani “Toqchilik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan tumanlararo tibbiy hushyorxona faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida o‘rganish o‘tkazdi.
Prezidentimizning 2022 yil 16 maydagi “Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori doirasida tashkil etilgan ushbu hushyorxona jami 7 ta xonadan iborat bo‘lib, davolanuvchilar uchun 20 ta o‘rin ajratilgan.

O‘rganishlar jarayonida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan 13 ta kuzatuv kamerasi bevosita tuman ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismiga integratsiya qilingani ko‘zdan kechirilib, nazorat qat’iy yo‘lga qo‘yilganligi ishchi guruhi tomonidan e’tirof etildi.

Ayni paytda, muassasada davolash va nazorat faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Jizzax shahri, Sharof Rashidov, G‘allaorol va Baxmal tumanlari fuqarolariga xizmat ko‘rsatmoqda.

O‘rganishlar jarayonida IIV JXD HPX boshlig‘i, polkovnik Baxtiyor Berdialiyev, ishchi guruhi tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berib, ularning ijrosi yuzasidan aniq muddatlar belgilandi.
So‘ngra IIV vakili Sharof Rashidov tumani “Yangiobod” MFY hududida joylashgan Jizzax “Muruvvat ayollar internat uyi” da bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi.
Internat uyi 300 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bemorlar uchun fizioterapiya, stomatologiya, mehnat terapiyasi, musiqa, sartaroshxona, oshxona, kutubxona, sun’iy qoplamali maydon, sport zali hamda 200 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy faollar zalida barcha sharoitlar yaratilgan.
O‘zgalar parvarishi va ko‘magiga muhtoj fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, ularni davlat qaramog‘iga olish hamda moddiy-ma’naviy ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan muruvvat uyiga respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 211 nafar bemor ayollarga hozirda 141 nafar xodim xizmat ko‘rsatmoqda.

O‘rganishlar davomida, Muruvvat uyida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri uyushtirildi.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishi va ko‘magiga muhtoj fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, ularni davlat qaramog‘iga olish hamda moddiy-ma’naviy ko‘maklashish borasida samarali mehnat qilib kelayotgan muassasa rahbari Nafisa Sharipovaga Ichki ishlar vazirining tashakkurnomasi topshirildi. Qolaversa, muruvvat uyi kutubxonasi fondini boyitish maqsadida 200 dan ortiq badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.

IVV vakili Respublika idoralararo ishchi guruhi bilan birgalikda Jizzax viloyatida o‘rganish jarayonini davom ettirib, eng chekka Yangiobod tumani “Yangiobod” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida qurilishi rejalashtirilayotgan tuman ichki ishlar bo‘limi ma’muriy binosining yangi loyihasi bilan tanishdi. Aytish joizki, tuman ichki ishlar bo‘limining yangi ma’muriy binosi joriy yil yakuniga qadar qurib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari tumanning Xo‘jamushkent mahallasida bo‘lib, qurilishi rejalashtirilayotgan huquq tartibot maskanining loyihasi bilan tanishdi. O‘rganish jarayonida mazkur bino qurilishi yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Respublika idoralararo ishchi guruhi Jizzax viloyatida o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA