Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yil 16 dekabr kuni mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aholini kambag‘allikdan chiqarish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, har bir oilaning doimiy daromad manbaini shakllantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Andijon viloyatida zarur chora-tadbirlar belgilanib, aniq amaliy ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, viloyat hokimining tashabbusi bilan parrandachilik, xususan, o‘rdakchilikni rivojlantirish, dala chetlaridagi zovurlarda o‘rdak boqishni yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, joriy yilda viloyat bo‘yicha 108,6 kilometr zovurlarni tozalash, 96,3 kilometr uzunlikdagi zovurlar atrofini setka bilan to‘sish, 396 ta o‘rdakxona barpo etish orqali 1 million 54 ming dona o‘rdak boqishni yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bugungi kunda viloyatning barcha tumanlarida, mahallalarda mazkur yo‘nalishdagi ishlar qizg‘in olib borilmoqda. Jumladan, Paxtaobod tumani mahallalarida ko‘pdan beri o‘rdakchilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar, oilalar tajribasi asosida o‘rdak, g‘oz boqishni yo‘lga qo‘yayotgan oilalar safi kundan-kunga ortib bormoqda.

Tumanning Ziyoli mahallasidagi Zafarbek Yunusov oilasi hozirgi kunda 2,5 ming dona o‘rdak boqadi. Buning ortidan oila yaxshigina daromad topmoqda.
Zafarbek Yunusovning ta’kidlashicha, bir necha oy avval 5,5 - 6 ming so‘mdan olgan yosh o‘rdaklar bugungi kunga kelib, 50-55 ming so‘mdan sotilmoqda ekan. Bundan tashqari, o‘rdak tuxumini sotishdan ham daromad kelmoqda.

– Bu yil o‘rdak, g‘oz boqayotgan oilalar qo‘llab-quvvatlanishi, biz kabi oilalarga dala chetlaridagi zovurlardan yer, imtiyozli kreditlar ajratilishini eshitib, xursand bo‘ldim, – deydi Zafarbek Yunusov. – Nasib etsa, ana shu imtiyozlardan foydalanib faoliyatimizni yanada kengaytirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga harakat qilamiz.

Albatta, har bir ishning o‘ziga yarasha sir-asrori, qiyinchilik va mashaqqatlari bo‘ladi. O‘rdak boqishni puxta o‘zlashtirib, bu yo‘ldagi qiyinchiliklarni yengib, nafaqat oilasiga daromad olib kelayotgan, balki el dasturxoni mo‘l-ko‘lligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan oilalar safi Paxtaobod tumanida yanada ko‘payadi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari