O‘quvchilarning ilk darsi akademik bilan uchrashuvdan boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Toshkent shahridagi 243-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan «Mustaqillik darsi» O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik, senator Shavkat Ayupov ishtirokida o‘tkazildi.
Tadbir davomida yurtimizda yosh avlodning mukammal ta’lim olishi, ilm-fan cho‘qqilarini egallashi va xalqaro maydonlarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Dunyoga tanilgan yirik olim Shavkat Ayupov o‘quvchilar bilan samimiy muloqot qilib, ilm-fan sirlari, matematika fanining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni hamda o‘zining hayotiy va ilmiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Akademik yoshlarga mustaqillik bergan ulkan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, izlanishdan to‘xtamaslik va oldilariga yuksak maqsadlar qo‘yish bo‘yicha qimmatli tavsiyalarini berdi.

Samimiy savol-javoblar, qizg‘in muloqot va fikr almashuvlar ruhida o‘tgan dars o‘quvchilarda Vatanga muhabbat, ilmga qiziqish va kelajakka ishonch tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi.
Zero, yosh avlodga buyuk maqsadlar sari yo‘l ko‘rsatadigan, ularni ilmga va izlanishga undaydigan bunday uchrashuvlar oddiy darsdan ko‘ra kengroq ma’noga ega. Bugun maktab partasida o‘tirgan o‘quvchi ertaga yurtimiz ilm-fani, ta’limi va taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi mumkin. Bu yo‘lda esa bilim, mehnat va yuksak maqsadlar eng ishonchli tayanchdir.
N.Rahmonova, O‘zA