O‘quvchilarni kasbga yo‘naltirishning zamonaviy mexanizmlari
Andijonda “O‘quvchilarni kasbga yo‘naltirishning zamonaviy mexanizmlarini rivojlantirishda fan va maktab hamkorligi” mavzusida respublika seminari bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 13 fevral kuni ijtimoiy sohaga mas’ul rahbarlar ishtirokida o‘tkazgan yig‘ilishida mamlakatimizni olg‘a boshlovchi, islohotlarni amalga oshiruvchi asosiy kuch bu – bilimli va sog‘lom avlod ekanligi, shu bois, ta’lim tizimining barcha bosqichlari isloh qilinib, izchil rivojlantirilishi, asosiy e’tibor sifatga qaratilishi, 2023 yildan boshlab, o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasbga o‘rgatish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi lozimligini ta’kidlab, bu boradagi muhim vazifalar, tashabbuslarni belgilab bergan edi.
Ana shu vazifalardan kelib chiqib, qolaversa, yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti va Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida seminar tashkil etildi. Unda tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlari mutaxassislari, umumta’lim maktablari psixologlari, kasbiy ta’lim fani o‘qituvchilari ishtirok etdi.
[gallery-10717]
Seminarda har bir maktabda o‘quvchilarning, ayniqsa, bitiruvchilarning puxta bilim olishi, biror kasb-hunarni egallashi, ularni hayot maktabiga tayyorlash uchun zarur sharoitlarni yaratish, ta’lim sifatini yanada oshirish, mazkur yo‘nalishdagi muhim vazifalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Anjumanda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti professor-o‘qituvchilari, doktorant va tadqiqotchilari tomonidan o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirishning ilmiy asoslari, afzalliklari, zamonaviy mexanizmlari, bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha ma’ruzalar o‘qildi.
Seminarda maktablarda o‘quvchilar bilan ko‘proq ishlash, sifatli ta’lim berish hamda bitiruvchilarni hayot maktabiga tayyorlash, kelgusida ularning jamiyatda munosib o‘rnini topishiga ko‘maklashish va bu boradagi muhim vazifalar yuzasidan zarur tavsiyalar berildi. Taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Soha mutaxassislari, o‘qituvchilarning mavzu doirasidagi bilim va tushunchalarini yanada boyitishga xizmat qilgan seminar doirasida ijodkor o‘quvchilarning “Men sevgan kasb” mavzusidagi musavvirlik hamda ijodiy ishlari ko‘rgazmalari namoyish etildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA