O‘quvchilarga hokim stipendiyasi topshirildi
Sirdaryo viloyatida iqtidorli o‘quvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash orqali tengqurlariga namuna qilib ko‘rsatib, ularning ham o‘qishga qiziqishini orttirish bo‘yicha samarali usullardan foydalanilmoqda. Sirdaryo viloyati hokimi stipendiyasining ta’sis etilishi buning yorqin dalilidir.
Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayevning tegishli qarori bilan o‘g‘il-qizlarni umumta’lim fanlaridan bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, respublika va xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash bo‘yicha viloyatdagi umumta’lim maktablarining 9-, 10-, 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Eng bilimdon o‘quvchi fanlar olimpiadasi joriy qilingan. Unga ko‘ra maktab, tuman bosqichlarida saralanib, olimpiadaning viloyat bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga bir yil mobaynida viloyat hokimining stipendiyasi to‘lab borilishi belgilangan.

Joriy yilning aprel oyida matematika, fizika, kimyo, biologiya, ingliz tili va informatika fanlaridan “Eng bilimdon o‘quvchi” fanlar olimpiadasi o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlangan edi.
Shu tariqa stipendiya sohiblariga viloyat hokimi farmoyishi bilan mahalliy byudjet zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan muayyan tartibda belgilangan miqdorda viloyat hokimi stipendiyasi berish yo‘lga qo‘yilgan.

Umumta’lim maktablarida II chorak o‘qish kunlari boshlanishi bilan stipendiyalar o‘z egalariga topshirildi. Stipendiya topshirish tantanali tarzda o‘tkazildi. Iqtidorli yoshlar tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib, yanada yaxshi o‘qishga intilmoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA