Andijonda “Yangi O‘zbekiston” universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan umumta’lim maktablari bitiruvchilari uchun mahorat darsi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yangi O‘zbekiston universiteti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida viloyatdagi umumta’lim maktablarining faol, iqtidorli, xorijiy tillarni o‘zlashtirgan bitiruvchi o‘quvchilari ishtirok etdi.
Andijon shahridagi 31-umumta’lim maktabida tashkil etilgan mahorat darsida “Yangi O‘zbekiston” universiteti o‘qituvchilari Farhod Eshmatov hamda xorijlik mutaxassis Ksiyajun Chen qiziqarli ma’ruzalari bilan qatnashdi.
[gallery-22039]
Ma’ruzalarda yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, ta’lim, xususan, oliy ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor, bu boradagi xalqaro tajribalar, ilg‘or xorijiy o‘qitish uslublarini amaliyotga joriy etish, mazkur yo‘nalishda Yangi O‘zbekiston universitetida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga Yangi O‘zbekiston universiteti, mavjud ta’lim ixtisosliklari, o‘qitish jarayonlari, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ham ma’lumotlar berildi.
– Mahorat darsida qatnashib ko‘p narsalarni o‘rgandik, – deydi Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi bitiruvchisi Jamoliddin Abduvaliyev. – Yangi O‘zbekiston universiteti, qator ilg‘or xorijiy davlatlarning ta’lim tizimi haqida keng ma’lumotlar oldik. Bu albatta, bizga kelgusida qaysi oliygohlarda o‘qishni davom ettirishimizni belgilab olishga yordam beradi.
Asosan ingliz tilida, qiziqarli muloqot tarzida o‘tgan mahorat darsi davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari