O‘quvchilar tashabbusi bilan xayriya marafoni o‘tkazildi
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida “Har bir qadam hayotni saqlab qoladi” shiori ostida tashkil etilgan “Run For Life – Jizzakh 2026” xayriya marafoni yuksak insonparvarlik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan yirik ijtimoiy loyihalardan biriga aylandi.
O‘quvchilar tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur marafonning asosiy maqsadi onkologik va leykemiya kasalliklari bilan kurashayotgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va birdamlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iboratdir. Shu bilan birga, tadbir sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarni sportga keng jalb etish hamda ezgulik atrofida jipslashtirishga xizmat qildi.

Erta tongdanoq tumandagi Shodlik ko‘chasida jam bo‘lgan yuzlab ishtirokchilar nafaqat g‘oliblik uchun, balki inson hayotini asrashdek ulug‘ maqsad yo‘lida qadam tashlashdi. Ular 3 hamda 6 kilometrlik masofalarda kuch va irodalarini sinovdan o‘tkazishdi.
Marafon davomida ishtirokchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti hukm surdi. Belgilangan masofani birinchi bo‘lib bosib o‘tgan g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Bugun dunyoda xayriya marafonlari nafaqat sport tadbiri, balki jamiyatni yaxshilik atrofida birlashtiruvchi muhim harakat sifatida e’tirof etilmoqda. “Run For Life – Jizzakh 2026” ham ana shu ezgu an’ananing Jizzax zaminidagi yorqin namunasi bo‘ldi.
E’tiborlisi, bu tashabbus endi bir hudud doirasida qolib ketmayapti. Sharof Rashidov tumani o‘quvchilari boshlab bergan xayrli harakat Jizzax viloyati bo‘ylab keng quloch yozib, yoshlar orasida mehr-muruvvat va ijtimoiy mas’uliyat madaniyatini qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri