O‘zbekiston milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanalida 27 iyul kuni “1-sinfga qabuldagi muammo va yechimlar” mavzuida bo‘lib o‘tgan ovozli chatda kuzatuvchilar tomonidan berilgan savollarga Xalq ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkinjon Murodov javob berdi.
— Kundalik.comga kirish pullikmi yoki bepul?
— Xalq ta’limi tizimida ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish, axborotlashtirish maqsadida elektron kundalik tizimi joriy etilgan.
Uning afzalliklari haqida barcha ota-onalar bilishadi. Bu tizim Xalq ta’limi vazirligining davlat sherikchilik shartnomasi asosida ta’lim jarayoniga loyiha sifatida kiritilgan. Kundalik.comga ulanish uchun bir yilda bir martalik to‘lov bor.
— Men boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiman. Ma’lumotim oliy, ikkinchi toifaman. Maktabimizda yetti nafar o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchining sinfi bor. Ulardan ikkitasi pensioner. Bu yil bitta 1-sinfni ham o‘rta maxsus ma’lumotga ega o‘qituvchiga berishyapti. Mening sinfim yo‘q. Men ham 1-sinf o‘quvchilarini olishim mumkinmi?
— Bu bo‘yicha normativ-me’yoriy hujjatlar qabul qilingan. O‘qituvchilarning pedagogik yuklamalarida dars soatlari taqsimoti kimga birinchi navbatda berilishi aniq yozilgan. Ushbu hujjat asosida bemalol maktab ma’muriyatiga murojaat qilsa bo‘ladi.
— Qachon har bir sinfda 20 nafardan o‘quvchi o‘qiydi?
— Xalqaro tadqiqotlarda o‘quvchilarning bilimini baholaydigan PISA degan tizim bor. Mana shu tadqiqotning asoschisi Andreas Shlyayxerning “XXI asrda ta’lim” degan mashhur asari bor. Ko‘p yillik kuzatuvlar, tahlillari asosida yozilgan. Tadqiqotchining fikricha, o‘quvchilar soni ta’lim sifatini belgilamaydi.
Ya’ni o‘quvchining o‘zlashtirishiga ta’sir qilmaydi. Bu ko‘proq dars jarayonida pedagogning mahoratiga bog‘liq bo‘ladi.
Bizda hozir o‘quvchi soni bir sinfda 35 nafargacha belgilangan. Normativ hujjatlarda qishloq joylarda 20 nafar, shaharda esa 25 nafar o‘quvchidan boshlab sinf tashkil etiladi. Toshkent shahrida o‘rtacha sinflarda 30-31, viloyatlarda 25-26 nafar o‘quvchi bor. Shuning uchun bu jarayon juda katta muammoli holat emas. Ta’lim to‘g‘risida qabul qilingan oxirgi qonunga ko‘ra qabul qilish jarayonida o‘quvchilar sonini imkon qadar 35 nafardan oshirmaslik choralarini ko‘ryapmiz.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ex6DE9MukHw" title="Qachon sinflarda 20 nafardan o‘quvchi o‘qiydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video) O‘zA