O‘quvchilar maktabda kasb va xorijiy tilni o‘rganmoqda
Prezident topshirig‘i – amalda
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Farg‘ona viloyatida “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirishda kreativ usullardan foydalanish” mavzusida ko‘rgazmali-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent shahri hamda viloyatlar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshliqlari, soha vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida katta ishlar amalga oshirilmoqda. O‘qituvchi va murabbiylarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish choralari ko‘rilyapti. Prezidentimiz tashabbusi bilan maktab o‘quvchilarini kamida ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish ustuvor vazifa etib belgilangani ularning kamolotida, hayotda o‘z o‘rnini topishida muhim o‘rin tutmoqda.
Xususan, Farg‘ona viloyatida ham mazkur yo‘nalishda aniq tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanyapti. Viloyatda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 955 ta maktab, 19 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internati, 20 ta Barkamol avlod markazi, 900 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Shahar va tumanlardan maktablar tanlab olinib, o‘quvchilarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rgatilmoqda. Tanlab olingan maktablarda kasb-hunar ustaxonalari tashkil etildi va jihozlar, zarur ashyolar bilan ta’minlandi. Xususan, viloyatda xalqaro tajribani keng yo‘lga qo‘yish, yapon ta’lim tajribasini ommalashtirish maqsadida Yaponiyadan ta’lim bo‘yicha maslahatchi Goto Mikako jalb etildi. Joriy o‘quv yilidan har bir shahar va tumandan tanlab olingan bittadan maktabda sinov tariqasida Yaponiya ta’lim tajribasi tatbiq etilyapti. Shuningdek, viloyat hokimi tomonidan joriy o‘quv yili “Farg‘onada ta’lim faxriylarini e’zozlash yili” deb e’lon qilindi.
Seminar ishtirokchilari dastlab Furqat tumanidagi 37-umumta’lim maktabida bo‘lib, bu yerda Farg‘ona tajribasi asosida bilim berish va o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Maktab hududiga 80 tup yong‘oq, 72 tup bodom va 50 tupdan ziyod manzarali daraxt ko‘chati ekilib, o‘zlashtirilmagan 24 sotix yer maydoni obod qilinib, 130 tup oliy navli uzum ko‘chati o‘tqazildi. Shuningdek, 9000 tupdan ortiq qrim sosnasi, 6 ming tup atirgul ko‘chati parvarish qilinmoqda. Maktabning bo‘sh turgan binolaridagi xonalarda tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘quvchilarga mahalla va tumanda talab yuqori bo‘lgan asalarichilik, meva-sabzavot yetishtirish, payvandchilik, mebelsozlik, santexnika ustasi, kosibchilik, pazandachilik, tikuvchilik kabi 10 ta kasb-hunarga o‘rgatish to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, 32 nafar malakali ustozdan ta’lim olayotgan o‘quvchilar turli ko‘rik-tanlov, musobaqa va bellashuvlarda eng yaxshi natijalarni egallab kelmoqda. Jumladan, maktab jamoasi “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining tuman bosqichida 1-o‘rinni egallab, 100 million so‘m mukofotni qo‘lga kiritdi. Maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichi so‘nggi uch yilda doimiy 85 foizdan yuqori bo‘lib kelmoqda.
Farg‘ona tajribasi sifatida muassasada sinov tariqasida Yaponiya ta’limi tajribasini joriy etish bo‘yicha olib borilgan ishlar seminar ishtirokchilarida qiziqish uyg‘otdi. Mahalliy byudjet mablag‘lari, homiylik va maktabning xo‘jalik hisobi asosida ishlab topgan mablag‘lari hisobidan 200 million so‘mdan oshiq pul sarflanib, maktab zaruriy o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi.
Qo‘qon shahridagi 23–umumta’lim maktabida o‘quvchilar zamonaviy bilimlarni egallashi bilan birgalikda ingliz va nemis tillarini o‘zlashtirishyapti.Shuningdek, kasb-hunar o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yoshlar duradgorlik, sartaroshlik, tikuvchilik, pazandachilik sirlarini o‘rganmoqda. Buning uchun bu yerda barcha sharoit yaratilgan. Seminar ishtirokchilari mazkur jarayon bilan tanishdi hamda yangi tashkil etilgan “Ustozlar bog‘i”da ko‘chatlar ekishdi.
Shahardagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 5-sonli maxsus maktab-internatda axloqiy, estetik va ma’naviy ta’lim-tarbiyada berishda yangicha yondashuvlar yo‘lga qo‘yilgan. Mehmonlar mazkur maktab-internatdagi ilg‘or tajribalarning guvohi bo‘lishdi.
[gallery-14849]
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev seminarda ta’lim sifatini oshirish hamda o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish masalalari xususida so‘z yuritib, Farg‘onada bu borada yaxshi natijalarga erishilganini qayd etdi.
Umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish maqsadida “Farg‘ona tajribasi”ni joriy etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi. Maktab-internat jamoasining “Tohir va Zuhra” spektakli namoyishi barchada katta taassurot qoldirdi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov(surat),
O‘zA muxbirlari