O‘quvchi qizlar o‘rtasidagi “Vazir kubogi” musobaqasining respublika bosqichi yakunlandi
FOTOREPORTAJ
Yurtimiz bo‘ylab katta qiziqish va yuqori saviyada tashkil etilgan o‘quvchi qizlar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” musobaqasining respublika bosqichi yakunlandi.
Musobaqa davomida hududlardan tashrif buyurgan jamoalar o‘zaro qiziqarli va murosasiz bellashuvlarda ishtirok etib, sportga bo‘lgan qiziqishi hamda iqtidorini namoyon etdi.
Yakunlarga ko‘ra, 1-o‘rinni Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi 30-maktab jamoasi qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumani jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 3-o‘rin Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktab jamoasiga berildi.
G‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi. Jumladan, 1-o‘rin sohiblariga “Damas” avtomobili va 250 million so‘m, 2-o‘rin uchun “Damas” avtomobili hamda 200 million so‘m, 3-o‘rin egalariga esa “Damas” avtomobili va 150 million so‘m pul mukofoti topshirildi.
Musobaqada ishtirok etgan barcha 16 ta jamoa ham e’tibordan chetda qolmadi. Ularga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 50 million so‘mdan pul mukofoti, Sport vazirligi tomonidan vorkout maydonchasi qurish uchun vaucher, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi tomonidan zamonaviy televizor hamda Futbol assotsiatsiyasi tomonidan 50 donadan futbol to‘pi taqdim etildi.
Musobaqa yakuni ko‘tarinki ruhda, taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.
[gallery-28432]
Mazkur musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki o‘quvchi qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish va jamoaviylik ruhini mustahkamlashga xizmat qildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA