“Yoshlar oyligi” doirasida Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Do‘ngariq mahallasida yoshlar uchun muhim ta’lim maskani — “Ibrat farzandlari” o‘quv markazi ish boshladi. Markazda 100 nafarga yaqin yoshlar ingliz, koreys, rus va nemis tillarini puxta o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Markazning ochilish marosimida O‘zbekiston mahallalar uyushmasining tuman bo‘limi, tuman hokimligi vakillari, shuningdek, mahalla nuroniylari o‘quv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishdi.
[gallery-23823]
Ushbu markaz yoshlarning chet tillariga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni global mehnat bozoriga tayyorlash va intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan. Ta’lim jarayonlari malakali mutaxassislar tomonidan zamonaviy usullar asosida olib boriladi.
– O‘tgan mavsumda “Kelajak kasblari” loyihasi orqali “Yoshlar jamg‘armasi”ning moliyaviy ko‘magida ta’lim oldim. Bu menga orzum – ta’lim markazini ochish imkonini berdi. Endilikda men ham yoshlarga bilim berish, ularning kelajakda o‘z o‘rinlarini topishlariga yordam bera olaman, – deydi markaz rahbari Dilbar Abdullayeva.
Mazkur tashabbus mahalliy yoshlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. Markaz ularning bandligini ta’minlash, ularga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari