O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Oliy ta’lim tashkilotlari talabalari uchun tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Oliy ta’lim tashkilotlari talabalari uchun tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentda:
respublikada faoliyat yurituvchi davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari, xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari, shuningdek, oliy harbiy ta’lim muassasalari uchun davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejasi va dasturlariga muvofiq tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini ekspertizadan o‘tkazishni davlat xizmati asosida tashkil etish tartibi;
ekspertlar tomonidan o‘quv adabiyotlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibi;
davlat xizmatidan foydalanganlik uchun to‘lov undirish tartibi;
o‘quv adabiyotlarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonida ishtirok etuvchi mutaxassislarga shartnoma asosida haq to‘lash tartibi;
davlat xizmatlari ko‘rsatishni rad etish asoslari belgilab berilgan.
Reglamentga muvofiq o‘quv adabiyotlarini ekspertizadan o‘tkazish davlat xizmati asosida tashkil etiladi.
Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun respublikada faoliyat yurituvchi davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari, xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari, shuningdek, oliy harbiy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar faqat Davlat dizmatlari markazi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.
Davlat xizmati orqali ekspertizadan o‘tkazilgan va ijobiy xulosa berilgan o‘quv adabiyotlarining muallif(lar)i tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun sarflangan xarajatlari muallif(lar) faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkiloti tomonidan qoplab beriladi.
2025 yil 1 sentyabrdan boshlab:
Ma’muriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlarining YAIDXP orqali joriy etilishi ta’minlanadi;
YAIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibi joriy etiladi.
O‘zA