“Oqtepa” tabiat bog‘i Surxonning maftunkor go‘shasi
Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Oqtepa” tabiat bog‘i Surxondaryo viloyatining noyob hayvonot va nabotot dunyosini tiklab, ko‘paytirishga, ekoturizm shaydolarini yovvoyi tabiat bilan yaqindan tanishtirishga mo‘ljallangan betakror go‘sha. “Oqtepa” suv ombori atrofidagi 84 gektardan ortiq maydonni egallagan yovvoyi tabiat qo‘ynida miriqib dam olish va baliq ovlash uchun ham juda qulay sharoit mavjud. Bog‘ hududi “Oqtepa” suv ombori bilan qo‘shib hisoblaganda 1 ming 900 gektarni tashkil etadi.
– Bu so‘lim maskan o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q, – deydi tabiat bog‘i bosh o‘rmonchisi Konstantin Fedin. – Unga asos solinganiga qariyb qirq yil bo‘lmoqda. Qum barxanlariga tutash hududda yashil makon yaratish uchun dastlab, bu yerning iqlim va tuprog‘iga mos dov-daraxtlarni o‘rganib, ularni ko‘paytirishga qo‘l urdik. Mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekdik. Mehr bilan parvarishlashni yo‘lga qo‘ydik. Suv ombor atrofining yashil boyliklarga burkanayotgani bu yerni turli yovvoyi hayvonlar va qushlar makoniga aylantira boshladi. O‘simlik va hayvonot dunyosi bizning boyligimiz. Uni kelajak avlodga bus-butun yetkazish insoniylik burchimiz. Bog‘ga kelib, bir zum nafas olgan kishi tanasida yengillik his etadi. Chunki, bu yer toza, musaffo havo manbai.

Tabiatsevarlarning mashaqqatli mehnati bilan bog‘ har xil dov-daraxt, buta va giyohlardan iborat o‘rmonzor qiyofasiga kirdi. Saksovulzor, to‘qayzorlar paydo bo‘ldi. Markaziy Osiyoda qirilib ketish arafasida turgan noyob o‘simlik dunyosini tiklab, ko‘paytiradigan maskan sifatida tanila boshladi. Migratsiya qiluvchi va suzuvchi qushlarning, yovvoyi o‘rdaklarning vaqtincha dam olib, to‘xtab o‘tuvchi, ayrim turdagi qushlarning qishlab qolish makoniga aylandi.
Prezidentimizning 2023 yil 31 maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “Oqtepa” tabiat bog‘i hududi vazirlik balansiga o‘tkazilgani bu yerda o‘rmon resurslarining boy salohiyatidan to‘la-to‘kis va oqilona foydalanishni ta’minlash hamda ulardan foydalanish samaradorligini oshirishni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘layotir.

– Mutaxassislarimiz tavsiyasi bilan qumloq maydonning 60 gektarida saksovulzor barpo etilgan, – deydi viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Urunov. – Saksovul havo tarkibini yaxshilab, tevarak-atrofni chang to‘zondan saqlaydi. Kuchli shamol esganda ham qum barxanlari ko‘chishining oldini oladi. Sokin, kislorodga boy bog‘ yovvoyi jonivorlarning bu yerni makon tutishiga sabab bo‘ldi. 8 davlatdan keladigan noyob qushlarning migratsiya zonasiga aylandi. Yozda qushlar kelib tuxum ochadi, polaponlarini uchirma qilib, o‘z vatanlariga qaytadi. Qishda kelib turli mevalar bilan oziqlanadi.
Ayni paytda bu yerda yuzga yaqin turdagi dov-daraxt o‘smoqda. Ularning qariyb 50 turi, 20 ga yaqin jonivorning 12 turi O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan.

– Endilikda bog‘imiz dunyo tabiatshunoslarida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi Konstantin Fedin. – Finlyandiya, Rossiya, Norvegiya, Xitoy kabi davlatlardan yosh olimlar kelib ilmiy tadqiqotlar o‘tkazyapti. Bu yerdagi o‘simlik va hayvonot olamining yangi turlarini o‘rganmoqda. Termiz davlat universiteti, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Arab davlatlari va Yevropa mamlakatlaridan kelayotgan ekoturizm muxlislari noyob flora va fauna olami bilan yaqindan tanishayotir.

Bog‘dagi o‘simlik dunyosiyu, mevali va manzarali daraxtlar, butalar orasidan, suv ombor bo‘ylaridan makon topgan yovvoyi cho‘chqa, tulki, chag‘alay va boshqa jonivorlar, qushlar, turli sudralib yuruvchilar tabiat tilsimlarini yanada chuqurroq o‘rganishga xizmat qilmoqda. Ko‘paytirilayotgan turli nav archa, uzum, o‘rik, jiyda, olma, nok va boshqa mevali hamda manzarali daraxtlar ko‘chatining bir qismi odamlarga tarqatilayotir.

Insonni beixtiyor maftun etadigan “Oqtepa” tabiat bog‘i betakror manzaralari, musaffo havosi bilan o‘simlik va hayvonot dunyosini asrashning ahamiyati, atrof-muhit muhofazasi va ulardan oqilona foydalanishning mazmun-mohiyatini yanada teran anglashga ko‘maklashishi, ona tabiat bilan yaqin do‘st tutinishga undashi bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri