Oqtauda “Made in Uzbekistan” yarmarkasi start oldi
Qozog‘istonning Oqtau shahrida O‘zbekiston mahsulotlariga bag‘ishlangan an’anaviy “Made in Uzbekistan” yarmarkasi o‘z eshiklarini ochdi.
Tadbir O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.

Yarmarkaning asosiy maqsadi — mahalliy aholi va mehmonlarga sifatli O‘zbekiston mahsulotlarini hamyonbop narxlarda taklif etish, yurtimiz tovarlarining Qozog‘iston bozoridagi ulushini kengaytirish, “Made in Uzbekistan” brendining nufuzini oshirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashdan iborat.
Ushbu tadbirda O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan 50 dan ziyod ishlab chiqaruvchi va savdo kompaniyasi ishtirok etmoqda. Ular qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik, mebelsozlik, qurilish materiallari va boshqa sohalardagi mahsulotlarni taqdim etmoqda.
Aktaudagi yarmarka ushbu formatda uchinchi marta o‘tkazilmoqda. Kelgusida Qozog‘istonning boshqa shaharlarida ham shunga o‘xshash tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tadbirning ilk kunidayoq o‘zbek mahsulotlariga katta qiziqish kuzatildi. Xususan, yangi sabzavot va mevalar, quritilgan mevalar, yong‘oq va shirinliklar, sut mahsulotlari, to‘qimachilik buyumlari hamda mebellar xaridorlar orasida eng ko‘p talabgor bo‘ldi. Shuningdek, milliy mahsulotlar degustatsiyasi tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirmoqda.
Yarmarka bugun o‘z yakuniga kuniga etadi.
Dovud Abibullayev
O‘zA muxbiri