Oqrabot uzumlarining siri nimada?
Qarshi shahridagi dehqon bozorini aylanar ekanman rastalarda bir qarashda ko‘zga yarq etib tashlanadigan uzumlar e’tiborimni tortdi.
Qarshi shahridagi dehqon bozorini aylanar ekanman rastalarda bir qarashda ko‘zga yarq etib tashlanadigan uzumlar e’tiborimni tortdi.
– Uzumlaringizning narxi qancha?
– 10 ming so‘m.
– Nega buncha qimmat, – so‘rayman sotuvchidan.
– Aka, bu Oqrabotning uzumlari-da. Uning sifati ham, ta’mi ham boshqacha. Ishonmasangiz tatib ko‘ring. Yoqmasa pulini olmaymiz.
Uzumlardan tatib ko‘rdim. Ta’mi og‘zimda qoldi.
– Bu uzumlar kimning bog‘idan keltirilgan, – yana so‘rayman undan.
– Albatta, Qo‘chqor boboning bog‘idan-da. Oqrabotda u kishiga yetadigani yo‘q...
Ichki bir qiziqish bizni o‘sha manzil sari chorladi. Xullas, fotomuxbir bilan yo‘lga otlandik.
Qo‘chqor bobo Ko‘chimovning hovlisiga kirib borganimizda bozorga chiqarish uchun uzumlar uzilib, tog‘oralarga joylanayotgan ekan. Tanishuvdan so‘ng usta bog‘bon bizni mo‘jazgina tokzori bilan tanishtirdi. Hovli darvozasidan kirishingiz bilan uzumzorga kirib qolgandek bo‘lasiz. Dehqonbobo bir qarich yer topsa ham uzum ekkan. Tok novdalarida marvariddek, shig‘il uzum boshlari bargidan ko‘pdek.
– 80 sotixlik tomorqada uzumzor tashkil qilganmiz, – deydi Qo‘chqor Ko‘chimov. – Ayrimlarining ekilganiga 30 yildan oshgan. Asosiy qismi Husayni navi. Boisi ushbu nav kasalliklarga chidamli va serhosil bo‘ladi. Bugungi kunda ularning har biridan 80 kilogrammgacha hosil olamiz. Bu yerga ko‘chib kelganimizda atrofimiz qup-quruq kengliklar edi. Odamning qo‘li gul bo‘ladi, deb shuni aytadilarda. Mana hamma tomonimiz bog‘-rog‘ bo‘lib ketdi. Farzandlarim menga asosiy ko‘makchi. Dehqonchilik ortidan ularni o‘qitdim, uyli-joyli qildim. Hozir kenja o‘g‘lim bilan birga turamiz. Biz endi qaridik. Asosiy mehnatni o‘g‘lim bajaradi. Biz duo qilib turamiz-da.
Uzumchilikda yuqori samaradorlikka erishish uchun mehnatkashlik bilan birga katta tajriba ham kerak. Boisi toklarni parvarishlashda kerakli agrotexnik tadbirlar vaqtida va sifatli bajarilmasa, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Bog‘bonning ta’kidlashicha, yer tokdan ko‘ra, vayishlarga tortilgan toklar ko‘proq hosil beradi. Shu tufayli 80 sotix tomorqadagi toklarning barchasi bir-biriga qarama qarshi qilinib, vayishlarga tortilgan.
– Otam boshlab bergan ishni davom ettirib kam bo‘layotganimiz yo‘q, – deydi Elyor Ko‘chimov. – Kuzda har bir tokning pushtasiga 3 kilogrammdan ammafos va bir g‘altakdan chirigan go‘ng solib, tagini ag‘darib chiqamiz. Keyin ko‘miladi. Erta bahorda yana vayishlarga tortiladi. Xullas yoz bo‘yi tagidan chiqmaymiz. Ishimiz shu. Xomtok qilamiz, sug‘oramiz, dorilaymiz, qushlar va hasharotlardan himoya qilish uchun ustiga to‘r tortamiz. Shuni ortidan uy-joy qurayapmiz, mashina minayapmiz.
– Yiliga qancha daromad qilasiz, agar sir bo‘lmasa, – so‘rayman undan.
– Mehnatimizga yarasha daromadimiz ham yomonmas, – deydi E.Ko‘chimov. – Masalan, tomorqamizda 650 tup tok bor. Ularning har biridan o‘rtacha 25-30 kilogrammdan hosil olganimizda ham 20 tonnaga yaqin uzum bo‘ladi. Hozir 6,5 ming so‘mdan 8-10 tog‘ora ko‘tara sotayapmiz. Shukr, bu yil hosilimiz cho‘g‘i yomonmas. Bundan tashqari, joriy yilda 15 sotix maydonda issiqxona ham barpo qildik. Sinov tariqasida pomidor ekdik. Nasib etsa keyingi yildan u ham daromad bera boshlaydi. Bilasizmi, dehqonchilik hayotimning ajralmas qismi bo‘lib qolgan. Yerga mehrimni berganman. Shaharning diqqinafas ko‘chalarida bir kunda zerikib qolaman. Uyga kelgach bog‘larimni bir aylansam, uning toza havosidan nafas olsam charchoqlarim chiqadi.
Mehnat, mehnatning tagi – rohat, deya bejiz aytishmagan dono xalqimiz. Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani Oqrabot qishlog‘i bir paytlar yastanib yotgan dashtliklardan iborat bo‘lgan. Qishloqning sohibkor dehqonlari mehnati tufayli uzumchilikda erishilayotgan yuksak natijalar evaziga Oqrabot qishlog‘ining dong‘i butun respublikamizga yoyilmoqda. Qishloqda Qo‘chqor bobo kabi tajribali dehqonlar talaygina. Qaysi xonadonga kirmang serhosil tokzorlarning guvohi bo‘lasiz. Birgina uzumchilik ortidan qishloq aholisining turmushi farovon, dasturxoni to‘kin.