Oqqo‘rg‘onda yirik korxona qurilmoqda
Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Xitoy investori Zhao Xuyedong boshchiligidagi bir guruh ishbilarmonlarni qabul qildi.
Uchrashuvda Oqqo‘rg‘on tumani “Boyg‘uli” MFY hududidagi sobiq suyultirilgan gaz tarqatish punkti o‘rnida 1 gektar yer maydonida bunyod etilayotgan LED ko‘cha chiroqlari hamda elektromobillarni quvvatlash qurilmalari ishlab chiqarish loyihasi bilan yaqindan tanishildi.

Joriy yil yakuniga qadar ishga tushishi rejalashtirilayotgan korxonaning kelgusidagi faoliyati muhokama etildi. “Zhongzhi-Ideal” kompaniyasi vakillari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar taqdimoti o‘tkazildi. Dastlabki mahsulotlar mahalliy bozorlarga chiqarilishi bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

Korxona yiliga 76,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi Loyihaning umumiy qiymati 10 million dollar bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. Natijada 100 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.

A.Musayev,O‘zA muxbiri