Oqqishloq mas’ullar e’tiboridan chetda qolganmi?
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining olis tog‘larida joylashgan “Qiziltepa” MFYga qarashli Oqqishloq qishlog‘idagi nurayotgan simyog‘ochlar, maktabning eshiksiz, tomsiz hojatxonasi, umuman olganda, mutasaddilar e’tiboridan chetda qolgan qishloq muammolari haqidagi xabarlar bizni ham bee’tibor qoldirmadi.
Ushbu mavzuda jurnalistik surishtiruv qilishni maqsad qilib manzil sari otlandik.
Tuman markazidan Qiziltepa qishlog‘igacha yengil mashinada, u yog‘iga tog‘ yo‘liga moslashgan “Niva” mashinasida ketdik. Yo‘lda ketarkanmiz, tog‘ yo‘llari anchagina ta’mirlanganiga guvoh bo‘ldik. Hamrohimizning ta’kidlashicha, Oqqishloq ahli “open byudjet” tanloviga Qiziltepadan Oqqishloqqacha bo‘lgan yo‘lning loyihasini kiritib, yutib olibdi va qishloqqacha bo‘lgan masofaga qum-shag‘al aralashmasi yotqizib chiqilibdi. Pastu baland soyliklardagi sel suvlari oqib o‘tadigan joylarda qurilgan ko‘priklarning ozgina ta’mirtalab ekanligini hisobga olmasa, yo‘l transportda harakatlanish uchun anchagina qulaylashgan.
O‘rganishlarimizni Oqqishloqdagi 60-umumiy o‘rta ta’lim maktabidan boshladik. Ushbu maktabda ayni paytda 150 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda. Ta’lim sifati yaxshi bo‘lsa kerak, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha maktab tumanda yetakchi o‘rinda turar ekan.
[gallery-14899]
Maktab sinfxonalari va u yerdagi ta’lim sifati bilan qiziqdik. O‘quvchilarning yaxshi ta’lim olishi uchun imkon qadar sharoitlar yaratilgan. Ammo maktab binosining yuqorida joylashgan bitta bloki foydalanishdan to‘xtatilgan. Boisi, ushbu bino favqulodda holatga kelib qolgan. Ya’ni yon tomoni yorilib ketgan. Bunday katta yoriqlarni sinfxonalarda ham kuzatish mumkin. Hatto bitta sinfning tom qoplamasi tushib ham ketgan.
Maktab rahbariyati o‘quv binolaridagi bunday salbiy holatni xaspushlashga harakat qilishdi, ammo muammoning borligi haqiqat. U yerda kelajak avlod tarbiyalanmoqda va ularning hayoti har narsadan muhim.
– Binoda yorilish o‘tgan yili paydo bo‘ldi, – deydi maktab qorovuli Mahmarayim Ergashev. – Yopilsin, bu binoda o‘qitib bo‘lmaydi, deyishdi. Shunday bo‘lsa ham o‘tgan yili bolalar o‘qidi. Joriy o‘quv yilidan boshlab o‘qish bo‘lmayapti. Bino 2004 yilda qurilgan. 4 ta sinfxonasi bor. Hozir o‘quvchilar pastki binoda o‘qiyapti. Joy kamligi uchun 2-3 smenada o‘qishga majbur bo‘lyapti. Shu bois kechga qolib ketyapti. Maktabdagi bu muammodan tuman mas’ullarining xabari bor. Qurib beramiz deydi, lekin natija yo‘q. Ba’zi o‘quvchilar 3-4 kilometr masofadan keladi. Qaytguncha kech bo‘lib ketadi.
Keyingi va asosan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan manzil ushbu maktabdan 4 kilometr uzoqlikda joylashgan maktab filiali bo‘ldi. Bir qavatli pastqam bino. Atrofi kenglik. 4 ta sinfxona mavjud. Aslida bu filial asosiy maktabga qatnash qiyin bo‘lgani bois, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ochilgan. Joriy o‘quv yilidan boshlab 6-7-sinf o‘quvchilariga ham o‘qishga ruxsat berilibdi.
Sinfxonalarga kirib dars jarayonini kuzatdik. Birinchi kirganimiz 7-sinf ekan. 7-8 nafar o‘quvchi bor. Hatto ba’zi sinflarda 2-3 nafar bola o‘qiyapti. So‘ng 6-sinfga kirdik. 12 nafar o‘quvchi o‘qiyotgan ekan. Aftidan eng o‘quvchisi ko‘p sinf shu bo‘lsa kerak. O‘quvchilar bilan biroz suhbatlashdik.
– Biz ham maktabimizda zamonaviy sport zali, kutubxona, har xil fan to‘garaklari bo‘lishi istaymiz, – deydi 6-sinf o‘quvchisi Charos Rahmonova. – Kelajakda dizayner bo‘lishni orzu qilaman.
– Men esa kelajakda shifokor bo‘lishni maqsad qilganman, – deydi 6-sinf o‘quvchisi Bunyod Normo‘minov. – Buning uchun yaxshi o‘qish kerak. Til bilish kerak. Maktabimizda chet tili to‘garaklari tashkil qilinishini xohlardik. Jismoniy tarbiya darslarida shug‘ullanish uchun sport maydonchalari qurib berilishini istardik.
Rosti, chekka bir tog‘ qishlog‘idagi bolajonlarning kelajakka bo‘lgan intilishi, bilimga chanqoqligi chaqnab turgan ko‘zlaridan anglashilib turgani hayratga soldi bizni.
Albatta, ularning bu istaklari ham vaqti kelib amalga oshadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan filialning usti ochiq hojatxonasi haqidagi gaplar asossiz bo‘lib chiqdi. Joriy o‘quv yili boshlanishi oldidan maktab jamoasi hashar yo‘li bilan qizlar uchun alohida, o‘g‘il bolalar uchun alohida sharoitga ega hojatxona qurishibdi.
Filialda haqiqatda sport maydonchasi va kutubxona yo‘q ekan. Bino atrofi o‘ralmagan ham. Ya’ni chegaralari belgilanmagan. Haqli savol tug‘iladi, filial qurib berilganda nega sport maydonchalari, hojatxonasi, ko‘mir va o‘tin saqlash uchun omborxonalari qurilmagan?
– Ushbu filial 60 o‘rinli bo‘lib, 2008 yilda ota-onalar homiyligida qurilgan maktab yonida yangidan qurib berilgan, – deydi maktab direktori ... – Lekin stadion, hojatxona yoki omborxona nega qurib berilmaganidan xabarim yo‘q. Chunki rahbarlik faoliyatimni boshlaganimga ikki yil bo‘ldi. Loyihasida ham ko‘zda tutilmagan. Ko‘rib turganingiz mana shu hojatxonani ham o‘qituvchilarimiz yordamida hashar yo‘li bilan yonimdan harajat qilib qurdirganman.
Qishloqni oralab yurar ekanmiz, islohotlar shabadasi sekin-sekin bu qishloqqa ham kirib kela boshlaganining guvohi bo‘ldik. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida yangi transformator keltirilibdi. Yo‘llar ta’miriga e’tibor qaratila boshlagan. Lekin simyog‘ochlar masalasi hamon muammoligicha qolmoqda. Qishloqning deyarli hamma ko‘chasiga tortilgan simlar qo‘lbola yog‘ochlarda olib o‘tilgan va ularning ko‘pchiligi favqulodda holatda. Simlar bir-biriga yaqin tortilgan. Qishloq odamlarining ta’kidlashicha, elektr ustunlarning yaroqsiz holga kelib qolishi ba’zan elektr ta’minotining sutkalab uzilib qolishiga sabab bo‘ladi.
– Yerlarimiz lalmi joylar. Yog‘ingarchilik ko‘proq bo‘lgan yillarda chorvamiz ham, dehqonchiligimiz ham yaxshi bo‘ladi, – deydi shu qishloqlik Orif Oltiyev. – Qishlog‘imizda muammolar ko‘p. O‘tgan yili yo‘llarimizga shag‘al yotqizilib, bu boradagi tashvishlarimiz ozgina yengillashdi. Lekin simyog‘ochlarimizning ahvoli achinarli. Deyarli hammasi qo‘lbola. Bundan tashqari, bemorlarimizni davolatishga juda qiynalamiz. Tibbiyot punkti sifatida yaqinda kichikrok konteyner olib kelishdi, lekin unga doktor yo‘q. Bitta hamshira yoki feldsher ajratishsa, yaxshi bo‘lardi.
Ushbu manzil tuman markazidan 44-45 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, aholining tirikchiligi chorvachilikdan. Shu maqsadda uzoq yillar avval mol-qo‘ylarini o‘tlatib, shu joylargacha kelishgan va keyinchilik shu yerning o‘zida yashab qolishni ma’qul ko‘rishgan.
Oqqishloqdagi muammolarni o‘rganib, tuman markaziga qaytgach, maktabdagi holat va elektr ta’minotidagi muammolar yuzasidan tegishli mas’ullardan ham izoh so‘radik.
– Oqqishloqda joylashgan 60-maktab filiali 2022 yilda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ta’mirlangan, – deydi Qamashi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Nazira Abrayeva. – Eshik-derazalari va tom qismi yangilangan. U yerdagi muammolar bizga ma’lum va bu bo‘yicha takliflarni berganmiz. Nasib bo‘lsa, keyingi yilda filialga talabga javob beradigan hojatxona va ko‘mirxona qurib beriladi. Filialning atrofi ham o‘raladi. 60-maktabning qo‘shimcha binosi haqida gapirsam, albatta, binodagi yorilishlar binoning sifatsiz qurilganidan emas, balki tabiat hodisalari, ya’ni yer silkinishi, tuproq ko‘chishi tufayli yuz bergan. Hozir u binoda o‘qish bo‘layotgani yo‘q. 2024 yilda u binoning kapital ta’mirlanishi bo‘yicha ham takliflar berilgan.
– Oqqishloqda 60 lik transformator qo‘yilgan edi, – deydi tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Sirojiddin Yo‘ldoshev. – U o‘rnatilgan vaqtda u yerda aholi kam bo‘lgan va mavjud ehtiyoj uchun yetgan. Hozirgi kunga kelib aholi soni oshgani tufayli quvvati yetmay qolyapti. Bu bo‘yicha chora tadbirlar belgilab olingan. 160 lik transformator olib borildi va yaqin kunlarda o‘rnatiladi. Tog‘li hudud bo‘lgani va yo‘l noqulayligi tufayli elektr ustunlarni olib chiqishning imkoni bo‘lmayapti. 30 ta beton ustun yo‘lning yarmigacha olib borilgan. Tez kunda ularni ham olib chiqib, elektrdagi muammolarni bartaraf qilamiz.
Mas’ullarning fikrlariga tayanadigan bo‘lsak, joriy yil oxiri va kelgusi yilda Oqqishloqdagi aholini va o‘quvchilarni qiynab kelayotgan muammolar yechiladi. Ta’kidlanganidek, qishloq mutasaddilar e’tiboridan chetda qolmaganini biz suhbatlashgan insonlar qayta-qayta ta’kidlab o‘tishdi. Biz ham bu o‘zgarishlarning yakunlanishiga ishongan holda manzilga yana kelish va’dasi bilan ortga qaytdik.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri