Oqoltinda "5000 qadam" yurish tadbiri
Aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida Oqoltin tumanining "Ahillik" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida "5000 qadam" piyoda yurish va tonggi badantarbiya sport-sog‘lomlashtirish tadbiri o‘tkazildi.
Sirdaryo viloyati prokuraturasi, Salomatlik va strategik rivojlantirish instituti Sirdaryo viloyati bo‘limi hamda tuman tibbiyot birlashmasi tibbiyot xodimlari tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda ushbu mahallada istiqomat qiluvchi aholining 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan vakillari ishtirok etishdi.
–Yoshim yetmishdan oshgan bo‘lsa-da, mutaxassislar tavsiyasi asosida kuniga "5000 qadam", ba’zida ko‘p piyoda yuraman, – deydi Baxtigul momo Jumayeva. – Bilasizmi, oldinlari ushbu mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmaganim sababmi, qon bosimim belgilangan normadan oshib ketardi. Natijada boshda og‘riq, ko‘ngil aynish, havo yetishmaslik kabi holatlar kuzatilardi. Yaratganga shukrki, ko‘p piyoda yurganligim, sog‘lom turmush tarziga amal qilganim boismi, qon bosimim me’yorida, yurak esa sokin, xuddi soat millari kabi bir maromda urib turibdi. Bilasanmi, bolam, ayni vaqtda o‘zimni xuddi yoshlikdagidek sog‘-salomat, bardam- baquvvat his etyapman.

O‘tkazilgan "5000 qadam" tadbirida mutaxassislar tomonidan piyoda yurish, uning inson salomatligiga ijobiy ta’siri va sog‘lom ovqatlanish, sog‘lom turmush tamoyillari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
–20 daqiqalik sayr yurak- qon tomir xastaliklarini 30 foizga kamaytiradi, miyani insultdan himoya qilib, depressiya alomatlarini susaytiradi,–deydi Salomatlik va strategik rivojlantirish instituti Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Tojixon Gafarova.–Qanday holatda bo‘lmasin, bir soatlik piyoda yurish tanadagi ortiqcha quvvat sarflanishi, garmonlar ishlab chiqarilishini quvvatlashga, mushaklardagi qon ta’minotining yaxshilanishiga, xullas, butun tananing kislorod bilan boyishiga xizmat qiladi.
Bu kabi tadbirlar insonlarning sog‘-salomat yurishi, uzoq umr ko‘rishi, organizmdagi ortiqcha tuz va toksinlarning chiqib ketishiga yordam berishi mutaxassislar tomonidan ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri