O‘qituvchining mehnati — qonun himoyasida: pedagoglarga qanday imtiyozlar berilgan?
Bugun ustozni faqat sinfxonada dars beradigan mutaxassis sifatida tasavvur qilib bo‘lmaydi.
U yosh avlodga bilim berish bilan birga, uning dunyoqarashi, tarbiyasi va kelajakdagi tanlovlariga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois pedagog mehnatini munosib qadrlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, o‘qituvchining qadri ulug‘langan yurtda ilmga intilish, qonunga hurmat, mehnatga munosabat va Vatanga sadoqat hamisha yuksak bo‘ladi. Chunki ustozni e’zozlash — butun bir millat kelajagini e’zozlash demak.
Ustoz va murabbiylar kuni arafasida o‘qituvchilarga qonunchilikda belgilangan ayrim imtiyoz va kafolatlarni yana bir bor eslatish ayni muddao.

Bolalarga ta’lim-tarbiya beradigan pedagog xodimlar qonunchilikda belgilangan tartibda doimiy ravishda bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Pedagog xodimlarga 56 kalendar kunlik yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan mehnat ta’tili beriladi.
Pedagog xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga ko‘pi bilan 36 soat etib belgilangan. Demak, o‘qituvchining mehnat yuklamasi ham qonun bilan tartibga solinadi.
Bundan tashqari maktabda faolligi, tashabbuskorligi va o‘rnakli mehnati bilan ajralib turgan pedagoglarni rag‘batlantirish mexanizmlari ham mavjud.
Ayniqsa, o‘qituvchilarning o‘quvchilari erishgan natijalari ham munosib baholanadi. Masalan, respublika fan olimpiadasi g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglarning malaka toifasi bir pog‘ona oshiriladi.
Pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashda hudud omili ham e’tibordan chetda emas. Olis hududlarda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarga 50 foizgacha ustama to‘lanishi belgilangan.
Inklyuziv sinflarda ta’lim berayotgan pedagoglarning mas’uliyati va qo‘shimcha mehnat yuklamasi ham hisobga olingan. Bunday o‘qituvchilarga 40 foizgacha ustama to‘lanishi mumkin.
Pedagoglarning mehnati faqat ularning o‘zi bilan cheklanmaydi. Qonunchilikda ularning farzandlariga ham muayyan yengilliklar nazarda tutilgan. Jumladan, pedagoglarning farzandlari uchun kontrakt to‘loviga 30 foiz chegirma berilishi belgilangan.
Pedagoglarga ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 50 foiz chegirma beriladi. Bu imtiyoz ustozlarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishiga qaratilgan choralardan biri hisoblanadi.
O‘qituvchi kasal bo‘lib qolganida ham uning ijtimoiy himoyasi nazarda tutilgan. Qonunchilikda pedagoglarga ayrim holatlarda moddiy yordam ko‘rsatish mexanizmlari belgilangan.
Shuningdek, pedagogning kasbiy faoliyatini himoya qilish masalasi ham alohida ahamiyatga ega. O‘qituvchining qonuniy faoliyatiga aralashish, uni asossiz ravishda boshqa ishlarga jalb qilish yoki kasbiy vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish holatlari uchun qonunchilikda javobgarlik choralari belgilangan.
Ta’lim sohasidagi rag‘batlantirishning yana bir misoli — “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi. Tanlov g‘olibi bo‘lgan maktabga 500 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.
Tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilarga ham ularning qo‘shimcha mehnati inobatga olingan holda to‘lovlar belgilangan. Xususan, davolash-tashxis ishlarini bajarganliklari uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Maktabda dars berayotgan har bir o‘qituvchi o‘z mehnati uchun qanday huquq va imtiyozlarga ega ekanini bilishi muhim. Chunki qonun bilan berilgan huquqni bilish — uning amal qilishiga erishishning birinchi qadami.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA