O‘qituvchilik – sog‘liqdan voz kechish deganimi?
Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar faoliyati bilan bog‘liq juda ko‘p “negativ” fikrlarni o‘qiyapmiz.
Xo‘sh, o‘zi o‘qituvchilik qanday kasb? Ushbu kasbda ishlab, oilasini boqayotgan insonlarning o‘zlari bu haqda qanday fikrda?
Bu borada yurtimizdagi umumta’lim maktablarida ishlayotgan o‘qituvchilarning fikrlarini tingladik. Ba’zilar ism-shariflarini to‘liq yozmaslikni iltimos qilishdi.

Bektemir tumanidagi 293-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi:
– Uchinchi sinf o‘quvchilariga sinf rahbarlik qilaman. Kecha ertalab bir o‘quvchi qizni onasi bayramga chiroyli lisoblar kiydirib, sochlarini ham o‘zgacha turmaklab yuboribdi. Sinfdoshlari esa uni masxaralab kulishibdi. Qiz sinfdan yig‘lab chiqib ketibdi. Sinf sardori meni xabardor qilgach, voqeani tushundimu ko‘chaga yugurdim. O‘sha payt xayolimdan ming xil fikrlar o‘tdi. “Uyiga bormagan bo‘lsa-chi?”, “Jahl qilib, o‘ziga zarar yetkazsa-chi?”, “Birorta yomon odam aldab, olib ketib qolsa, nima qilaman?” kabi savollar ich-etimni yemirib yubordi. Qon bosimim oshib, ko‘z oldim qorong‘ulashib ketyapti-yu ammo o‘zimni qo‘lga olib, ko‘chaga yuguryapman.
Do‘konlarga kirib sotuvchilardan so‘radim, yo‘lda uchragan o‘quvchilardan so‘radim. Shoshganimdan egnimga palto ham kiymay chiqqanim uchun, sovuqdan oyoq-qo‘llarim titray boshladi. Shu payt o‘qituvchilik kasbini tanlaganimdan ich-ichimdan pushaymon bo‘ldim. Ko‘zimda yosh, ichimda alam bilan maktab yaqinidagi parkka bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘quvchi qiz ayvonchada yig‘lab o‘tiribdi. Yugurib borib, uni bag‘rimga bosdim. Sog‘-salomat ko‘rganim uchun, shukrona keltirdim. Sinfga kirib, o‘quvchilarga tanbeh berdim, qizchani tinchlantirdim, ammo o‘zimni qon bosimim ko‘tarilib, shifoxonaga borishimga to‘g‘ri keldi.
Oyjamol SULAYMONOVA, Toshkent viloyati, Yuqori chirchiq tumanidagi 20-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi:
– Yuqori sinfda bir o‘quvchi qiz bor. Xulqi og‘ishgan. Hamma darslarda saqich chaynab, baqir-chaqir qilib, dars o‘tishga xalaqit beradi. Istagan paytida o‘rnidan turib, sinf xonasida yuradi. Qizni tartibga chaqirish uchun psixologlar bilan birgalikda ishladik. Yaxshiyam gapirib ko‘rdik, yomonam gapirdik, foydasi bo‘lmadi. Onasini maktabga chaqirdik va urinishlarimiz befoydaligini bildik. “Qush uyasidayoq aynigan ekan”. Xullas har gal shu sinfga darsga kirishdan oldin “valerianka” ichib olaman. Boshqa ilojim yo‘q. O‘sha sinfga darsga kirgan kunim, kuni bo‘yi boshim og‘rib, o‘zimni yomon his qilaman. O‘quvchi qizni xulqi yaxshi tomonga o‘zgarishini juda istayman, buning uchun qo‘limdan kelgan tajribalarimni qo‘llab kelyapman, ammo iloji bo‘lmayapti. O‘zi dars eshitishni istamaydi, boshqalarga ham xalaqit beradi. Harakatlari noto‘g‘riligini aytsak, o‘qituvchining ustidan shikoyat qilib, onasini chaqiradi. Onasiyam yaxshi gapgayam, yomon gapgayam ko‘nmaydi. Xullas, bu kasbning o‘ziga yarasha mashaqqatlari juda ko‘p.
Sojida ABDULLAEVA, Toshkent shahri, Bektemir tumanidagi 290-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
– Sinfimdagi a’lochi bir bolaning ko‘rsatkichlari tushib ketdi. Bir kuni darsga kech qolib keldi. Yuzlari qizarib ketgan, o‘zini tutishi ham g‘alati edi. “Nima bo‘ldi, nega kech qolding? Mazang yo‘qmi?”, desam, “Ustoz, darsdan keyin gaplashsak maylimi?” dedi. O‘sha kuni har bir dars davomida tez-tez hojatga chiqishga ruxsat so‘rayverdi. Dars tugagach, qarasam bolaning oyog‘ida paypog‘i yo‘q, sovuq o‘tib ketgani uchun hojatga chiqayotgan ekan. Sinfdagi “zapas” paypog‘ni kiydirib, issiq choy berdim. Qorni to‘ygach, uydagi ahvol haqida gapirib berdi. Buvisi bilan onasi kelisholmay qolgach, onasi arazlab, otasinikiga ketib qolgan. Bola esa bir oydan beri qari buvisining qaramog‘ida, dadasi ertalab ishga ketib, kechqurun soat 12 larda kelar ekan.
Uydagi janjal-to‘palondan bola bezib, stressga tushib qolgan. Bolaning ahvoli haqida ota-onasini xabardor qildim. Onasi uylariga qaytib keldi, bir muddat bolaning kayfiyati yaxshilanib, xushchaqchaq bo‘lib qoldi. Afsuski, qaynona-kelin mojarosi sabab onasi yana uni qari buvisiga tashlab ketib qoldi. Buvi bolaga vaqtida ovqatini bermaydi, kiyim-boshi bilan ham ishi yo‘q. Shunday sovuqda maktabga choysiz, issiq kiyim-boshsiz keladi. Kattalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarning jabrini bolalar tortadi. Bunday holatdagi o‘quvchilarning ruhiyati menga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ishdan qaytgach uyda ham bolaning taqdiri haqida o‘ylab yuraman. Har yili ta’tilda kardiologga borib, muolaja olaman. Bo‘lmasa bunday voqealarni ko‘tarishga yuragim dosh bermaydi.
Yaqinda bir ona farzandiga o‘qituvchisi past baho qo‘ygani uchun haqorat qilgan. O‘quvchilar oldida og‘ziga kelgan gaplarni qaytarmay ustoz bilan tortishgan. O‘sha kuni onaning farzandi ustozining ko‘z yoshlariga guvoh bo‘lgan. Uyga borgach, onasidan hech qachon ustozini xafa qilmasligini, uni juda-juda yaxshi ko‘rishini aytgan. Ona o‘z qilmishidan uyalgan.
Maktab ostonasiga qadam qo‘yib, farzandimiz o‘qiydigan sinf xonasining eshigini ochishdan oldin bu xonada faqat va faqat ma’rifat nuri tarqatilishini unutmaylik. Bizning bolalarimizga o‘z bilimi, mehri, sog‘lig‘ini berayotgan ustozlardan biz ham shirin kalomimiz-u yordamimizni ayamaylik.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova tayyorladi.