O‘qituvchilik – mas’uliyat: qishloq muallimasining yutuqlari
Buxoro viloyati Kogon tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi Billura Ikromova berilayotgan imkoniyatlar unumli foydalanib kelayotgan shijoatli, serg‘ayrat va tashabbuskor o‘qituvchilardan biri.
Ilgarilari maktab o‘qituvchisining jahonga chiqishi, o‘zini ko‘rsatishi, yutuqlarga erishishi ertakdek bir gap edi. Ammo bugun yurtimizda boshqa sohalar qatori xalq ta’limi tizimida ham amalga oshirilayotgan islohotlar, berilayotgan imkoniyatlar tufayli kechagi ertaklar haqiqatga aylangani rost.
Izlanuvchan o‘qituvchi yoki iqtidorli o‘quvchining xalqaro, jahon miqyosida e’tirof etilayotgani, natija ko‘rsatayotgani haqida tez-tez eshitamiz. Ish boshlaganiga 9 yil bo‘lgan tashabbuskor va tirishqoq muallima ham salmoqli yutuqlarga erishgan.
Keyingi 2 yil uning faoliyatida juda sermahsul davr bo‘ldi. 2020-2021 o‘quv yilida u Xalq ta’limi vazirligi va Amerika elchixonasi hamkorligidagi ESN loyihasida ishtirok etdi. 2 ming AQSH dollari qiymatiga ega TESOL sertifikatini qo‘lga kiritdi. Fulbright dasturi asosida AQSHning yetakchi universitetlaridan birida malakasini oshirib kelish imkoniyatini beruvchi imtiyozli grant sohibi bo‘ldi. Xalqaro ingliz tili fani o‘qituvchilari olimpiadasida ishtirok etdi. Faxrli 3-o‘rinni egalladi. Xalqaro ESOL C1 sertififatini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari Coursera platformasining 10 ta kursi hamda AQSH George Mason universitetining TETE va National Geographic kurslarida o‘qib, xalqaro setifikatlarga ega bo‘ldi.

Amerika elchixonasi hamkorligida TCCP kursining Buxoro va Navoiy viloyatlari koordinatori sifatida faoliyat olib bordi.
Bugun Billura Ikromova ilg‘or tajribaga ega oliy toifali o‘qituvchi sifatida viloyatda o‘z o‘rniga ega pedagoglardan biri.
– Mehnati rag‘bat topishi kishini yanada mas’uliyat bilan ishlashga undaydi, – deydi Billura Ikromova. – “Mustaqillikning 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandim. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan e’lon qilingan “30 yillikka 30 ta mukofot” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandim. Izlanishda davom etaman. Bor bilimimni yosh avlodni tarbiyalashga safarbar etib, O‘zbekiston muallimlari ham hech bir davlat muallimlaridan kam emasligini namoyon etaman. Orzularim bisyor. Men bugun bitta yutuqqa erishgan bo‘lsam, yosh avlod, o‘quvchilarim ikki hissa ko‘proq yutuqlarga erishishi yo‘lida bor kuchim, imkoniyatim, bilimimni ishga solaman.
Yuksak maqsadlarni ko‘zlagan muallima bugun ham izlanishda.
Zarif Komilov, O‘zA