O‘qituvchilarning fan olimpiadasi boshlandi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 118-umumta’lim maktabida o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan «O‘qituvchilar olimpiadasi»ning respublika bosqichi musobaqalari boshlandi.
Vazirlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur olimpiada 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab matematika fani bo‘yicha ilg‘or, tashabbuskor va ijodkor pedagoglarni aniqlash, qobiliyat, kasbiy mahoratini ro‘yobga chiqarish, ko‘maklashish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uch bosqichda o‘tkazilgan edi. Unda jami 6 ming nafarga yaqin o‘qituvchi ishtirok etgandi.
Mamlakatimizning ko‘plab pedagoglari taklifiga asosan «O‘qituvchilar olimpiadasi» 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab matematika fani bilan birga fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha ham tashkil etilishi yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilgi olimpiada musobaqalari ham uch bosqichda o‘tkazilmoqda. Uning dastlabki bosqichida jami 30 ming nafarga yaqin ustozlar ishtirok etdi. Ustozlar olimpiadasining respublika bosqichida barcha fanlar doirasida jami 168 nafar (fizika, kimyo va biologiya fanlaridan 3 nafardan, har bir hududdan 12 nafardan) o‘qituvchi qatnashmoqda.
Olimpiadaning birinchi kunida ishtirokchilarga 5 ta masaladan iborat yozma ish vazifasi berildi. Ushbu topshiriqni bajarish uchun 3 soat vaqt ajratildi.

- Mazkur fan olimpiadasi ustozlarning fikr va mulohazalarini inobatga olgan holda tashkil etildi, - dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti direktori Umid Rahmonov. – Ma’lumki, fan olimpiadalari o‘qituvchi uchun ham kerakli bilim va ko‘nikma egasi bo‘lishni talab etadi. Olimpiadada qatnashgan pedagoglar trener sifatida o‘quvchilarni fanlar bo‘yicha olimpiadalarga to‘g‘ri yo‘naltirishga, yondashishga o‘rgatadilar.
Olimpiadaning ikkinchi kunida ishtirokchilarga tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha metodik qism va test topshiriqlaridan iborat vazifalar beriladi.
Metodik qismda ishtirokchilar taqdim etilgan topshiriqlar, misol va masalalarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yechilganligini izohlab, har birini baholashi talab etiladi.
Ushbu topshiriqni bajarish uchun 2 soat vaqt ajratiladi va natijalar 50 ball bilan baholanadi. Respublika bosqichi natijalariga ko‘ra, har bir fan bo‘yicha 6 nafardan iborat g‘olib aniqlanadi hamda ular turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Barcha fanlar natijalariga ko‘ra hududlar bo‘yicha reyting e’lon qilinadi. Mazkur olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘qituvchilarning iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashida hamkorlik o‘rnatiladi. Shuningdek, o‘quvchi yoshlarni respublika, xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash jarayonlariga jalb qilinadi.
N.Usmonova, O‘zA