Navoiy shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari pedagoglari malaka (test) sinovlaridan o‘tkazilmoqda.
Yurtimizda umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘qituvchilarning bilimlarini baholashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, sinovlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda mutaxassislik fanidan pedagoglarning bilimi, ikkinchi bosqichda ularning pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savoli, ikkinchi bosqichda ishtirokchilarning pedagogik mahoratini baholash uchun 10 ta savol-topshiriq beriladi.
– Bugungi kunda viloyatimizda mavjud umumta’lim maktablarida 21 ming 469 nafar pedagog xodim o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova. – Ulardan 3 ming 728 nafari oliy, 4 ming 956 nafari 1-toifali, 5 ming 421 nafari 2-toifali va 6 ming 74 nafari mutaxassis pedagoglardir. Joriy yilgi malaka sinovlarida 7 ming 437 nafar pedagogning ishtirok etishi kutilmoqda. 40 ta fan bo‘yicha o‘tkaziladigan sinovlarning yuqori saviyada o‘tkazilishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.

Test sinovining birinchi kunida viloyatdagi umumta’lim maktablarining 238 nafar informatika fani o‘qituvchisi o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazgan bo‘lsa, bugun matematika fanidan bo‘lib o‘tgan sinovlarda 500 nafar o‘qituvchi ishtirok etdi.
– Bugun matematika fanidan malaka sinovida ishtirok etdim, – deydi Tomson maktabi matematika fani o‘qituvchisi Bobomurod Hamdamov. – Yakuniy natijaga ko‘ra, 1-toifadan oliy toifaga o‘tdim. Test ochiq, oshkora, shaffof tarzda tashkil etilgan. Bilimi bor o‘qituvchi o‘zi niyat qilgan natijani qo‘lga kiritadi. Ushbu sinov o‘qituvchilarni o‘z ustida tinimsiz ishlashga, bilimlarini muntazam boyitib borishga undaydi.

Malaka sinovlari davom etmoqda
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri