Poytaxtimizda O‘qituvchilar olimpiadasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Sinovlar 2 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha ikki (yozma ish, laboratoriya) bosqichda tashkil etilgan.
Bugun ishtirokchilar fizika fani yo‘nalishi bo‘yicha yozma ish hamda kimyo fanidan laboratoriya sinovlarida qatnashmoqda. Jarayonlar Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamda Abu Ali Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida tashkil etilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, ishtirokchilarga yozma ish uchun 3 soat, laboratoriya topshiriqlariga 2 soat vaqt ajratiladi. Shuningdek, 12 mart kuni fizika fanidan laboratoriya hamda kimyo fanidan yozma ish sinovlari bo‘lib o‘tadi. G‘oliblar 13 mart kuni taqdirlanadi.

Olimpiadada fanlar kesimida yuqori natijalarni qayd etgan 3 nafardan jami 6 nafar ishtirokchi g‘olib, deb topiladi. Shuningdek, eng yuqori natija ko‘rsatgan 10 nafar ishtirokchi Fan olimpiadalari markazining “Fan kengashi" a’zoligiga qabul qilinadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA