O‘qituvchi va murabbiylar senatorlar faoliyati bilan tanishdi
Mamlakatimizda 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni. Sana munosabati bilan yurtimizda bayram tadbirlari davom etmoqda.
Bir guruh o‘qituvchi va murabbiylar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga tashrif buyurib, senatorlar faoliyati bilan tanishdi.
Tadbirda mamlakatimizda ta’lim tizimiga, xususan, o‘qituvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritildi.

O‘qituvchi va murabbiylarning kasbiy tajribasini oshirish, ularni jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish imkoniyati yaratilmoqda. Madaniy hordiq chiqarishlari uchun turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilayotir.
Muloqot davomida Senat qo‘mitalari raislari o‘qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi. Ta’lim tizimida olib borilayotgan tub islohotlar natijasida maktabgacha va maktab ta’lim sohasidagi muhim o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tildi.
Muloqot davomida pedagoglar tizimdagi ijobiy yangilanish va o‘zgarishlar ustoz-murabbiylarning o‘z kasbiga munosabati, mas’uliyatini yanada oshirishga katta turtki berganini, soha rivojiga katta hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar maktabgacha va maktab ta’limi tizimi sohasiga doir qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar haqida, shuningdek, o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga atroflicha javob oldi.
N.Abduraimova, O‘zA